U pul uchun emas, o‘zbek futboliga hissasini qo‘shish maqsadida kelmoqda - Alisher Shog‘ulomov "Oqtepa"da ispaniyalik mutaxassis ish boshlashi haqida gapirdi

  • 21 sentabr, 2020, 20:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro-ligada ishtirok etayotgan “Oqtepa” jamoasi bir joyda to‘xtab qolishni istamaydi. Shu bois qandaydir izlanishlar va o‘zgarishlarni xush ko‘radi. Bunga misol qilib aytadigan bo‘lsak, shu kunlarda jamoada ispaniyalik mutaxassis ish boshlashi kutilmoqda. Bu esa chindan ham klub uchun jiddiy burilish desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. “Oqtepa” bu bilan katta maqsadlarni ko‘zlayotganini bilish mumkin. Ayni paytda klubni boshqarib turgan sobiq futbolchi Alisher Shog‘ulomov yangi kelayotgan mutaxassis haqida gapirdi.

Tecno

Ispaniyalik murabbiy bilan muzokaralar qanday kechdi?

-  Jamoamizda Farrux ismli mutaxassis marketing bo‘limida ishlab, klubni rivojlantirish ishlari bilan shug‘ullanayotgandi, - deya gap boshladi, Shog‘ulomov. - U bilan birga chetdan murabbiy olib kelish rejasini o‘yladik va o‘zimdan kelib chiqqan holda xorijdan yaxshi mutaxassis olib kelib, birga ishlash niyatimizni amlaga oshirishni boshladik. Natijada asli argentinalik bo‘lgan Serxio Marinangeli bilan muzokaralarga kirishishdik. U Ispaniyada murabbiylik faoliyatini olib boradi. Marinangeli bilan aloqaga chiqdik, maslahatlashdik. Fikrimiz bir-biriga mos tushdi. To‘pni nazorat qilish, pressing uyushtirish kabi uslublarda ishlashni u ham yoqtirar ekan. Ispaniyalik mutaxassis nafaqat asosiy jamoamizda ishlaydi, balki akademiya va klub strukturasida faoliyat olib boradi. Aytishim joizki, biz uni o‘zimiz topib, o‘zimiz aloqaga chiqdik. Oldin ishlagan jamoalari bilan qiziqdik. U to‘g‘risida hamma joyda faqat yaxshi gaplar bo‘ldi. Oxir-oqibat o‘zi bilan hammasini bafurja gaplashganimizdan so‘ng ma’qul keldi.

U qachon keladi?

-  Xudo xohlasa, 23 sentbyar kuni kechki payt Toshkentga keladi. Yo‘q, u bosh murabbiy lavozimida ishlamaydi. Hozircha klub strukturasiga yordamchi murabbiy bo‘lib kelyapti. Og‘zaki kelishuvga ko‘ra, dastlab shu mavsum oxiriga qadar ishlaydi. Keyinchalik unga ham, bizga ham ma’qul kelsa, yana hamkorlikni davom ettiramiz. Garchi asosiy jamoamiz bilan mavsum oxirigacha kelishuvga erishgan bo‘lsa-da, akademiyamizda undan keyin ham ishlashni davom ettiraveradi.

Xorijlik murabbiy qancha oylik maosh oladi?

-  To‘g‘risini aytsam, oylik maoshini men emas, klub rahbarlari hal qilishadi. Ammo uning uchun ham bu yangi chaqiruv bo‘ldi. Ochig‘i, ispaniyalik mutaxassis bu erga pul uchun kelmayapti. Bu erda o‘zini ko‘rsatish va o‘zbek futboliga hissasini qo‘shish maqsadida kelyapti. Klub tomonidan qo‘yilgan vazifa shundayki, ushbu murabbiydan foydalangan holda terma jamoalarimizga iqtidorli yoshlarni o‘stirib kelish maqsadida olib kelinyapti. Biz o‘zbek futboliga yangilik olib kirishni va bu borada o‘sishi uchun hissamiz tegishi maqsadida harakat qilyapmiz. Bilasiz, “Oqtepa” shaxsiy klub. Ammo kimdir noto‘g‘ri tushunyapti. Jamoamizga kelib, ishlash strukturamizni ko‘rgach, fikrlari o‘zgaradi.

Jamoaning bu yilgi vazifasi qanday?

-  Har yili “Oqtepa” oldiga maksimal vazifa qo‘yadi. Bu yil ham Superligaga chiqish maqsadi qo‘yilgan. Biroq pandemiya sababli klubda moliyaviy tarafdan muammolar bo‘ldi. Bunday holat birgina bizda emas, boshqa jamoalarda ham yuz berdi. Shuning uchun 4-5 nafar etakchi futbolchilarimizni ijaraga berishga majbur bo‘ldik. O‘ylaymanki, hozir hammasi yaxshi, vaziyat joyga tushyapti. Asta-sekin ijaradagi o‘yinchilarimizni ham qaytaramiz. Bu yil qo‘limizdan kelsa, maqsadimizni bajarishga harakat qilamiz. Buning uchun bor kuchimizni sarflaymiz. Ushbu maqsadimiz yo‘lida yangi kelayotgan xorijlik mutaxassis ham o‘z hissasini qo‘shadi deb o‘ylayman.

Klubda bosh murabbiy kim?

-  Hozircha jamoada o‘zim bosh murabbiylik qilib turibman. Chunki Aleksandr Ejov oilaviy sabablarga ko‘ra, Xorazmga ketdi. O‘ylaymanki, pro-ligadagi “Oqtepa”, “Sho‘rtan”, “Dinamo” kabi jamoalar Superligadagi “Qizilqum, “Buxoro”, “Andijon” singari klublar bilan bemalol bellasha oladi. Ulardan kuchli bo‘lsa kuchliki, kam joyi yo‘q. Bu yilgi pro-ligada yaxshi o‘yinlar bo‘lyapti va chempionat qiziqarli kechyapti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!