Usmon Toshev: "Navbahor" futbolchisiga 100 foizli takliflar borligidan xabardorman"

  • 26 mart, 2021, 20:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

25 mart kuni Tojikiston milliy terma jamoasi jahon chempionati saralashi doirasida o‘z maydonida Mongoliyani qabul qilib javobsiz uchta gol urib uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

Tecno

Bilasiz, Tojikiston milliy termasini o‘zbekistonlik mutaxassis Usmon Toshev boshqarib kelyapti. Shuning uchun ham yon qo‘shnilarimizning o‘yinlari va natijalariga befarq emasmiz. Tabiiyki, Tojikistonning kechagi g‘alabasi mahalliy ishqibozlarning kayfiyatini ko‘tardi. Usmon Toshev sports.uz muxbiri bilan muloqot chog‘ida Mongoliyaga qarshi o‘yin haqida gapirdi.  

- Birinchi navbatda aytmoqchimanki, o‘yin biz o‘ylagandek kechdi. Turkiyaga borganimda bu raqibning o‘yinlarini ham ko‘rib kelgandim. Uchrashuvda tezkor gol urmoqchi edik va buni amalga oshirdik. Shundan keyin futbolchilar xotirjamroq o‘ynay boshlashdi. Lekin gol urgach, orqaga o‘tdik. To‘g‘ri, hozirgi zamonaviy futbolda ikki taym mobaynida bosim uyushtirish juda qiyin. Raqib ham harakat qiladi, ular ham bizni o‘rganishgan. Goldan keyin qarshi hujum asosida o‘ynadik. Menga yoqqani bizda jamoaviy o‘yin yaxshi shakllanib boryapti. Bir-birini tushunishlari ijobiy. Oldinlari futbolchi o‘zi uchun o‘ynayotgandek bo‘lardi. Kelgusida jamoaviy o‘yinimizga tezkorlikni qo‘shishimiz kerak. Himoyadan hujumga va hujumdan himoyaga harakatlanishda tezkorroq bo‘lishimiz talab etiladi. Buni bajara olishimiz mumkin, ammo ayrim paytlarda buni amalga oshira olmaydilar. Bunday paytda yigitlarga mahorat etishmaydi. Xalqaro o‘yinlar orqali mana shunday kamchiliklarimizni tuzatsak yaxshi bo‘lardi. Ammo bunday uchrashuvlar kam. Pandemiya sababli etarlicha o‘ynay olmadik. Shunda ham bizga raqiblar topib berishgani uchun futbol federatsiya rahbarlariga rahmat. Asosiysi, bizda jamoaviy o‘yin paydo bo‘lyapti.

Turnir jadvalida Tojikiston oltita o‘yinda 10 ochko jamg‘arib ikkinchi o‘rinda boryapti. Yaponiya to‘rtta bellashuvda 12 ochko bilan peshqadam. Uchinchi o‘rinda borayotgan Qirg‘iziston Tojikiston ortidan quvib kelmoqda. Usmon Toshev Tojikistonning guruhdan chiqish imkoniyatlari xususida shunday dedi:

- Oxiriga borib kiritilgan gollar ham ta’sir qiladi. Shuning uchun to‘plar nisbatidagi plyus va minuslarni yaxshilash uchun Mongoliyaga ko‘proq gol urmoqchi edik. Yaxshi vaziyatlarimiz bo‘ldi. Baribir yigitlardagi hayajon o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Hattoki, bo‘sh darvozaga ham gol ura olmadik. Endi iyun oyida qolgan o‘yinlar markazlashgan holda bo‘ladi. Nasib bo‘lsa, hammasi o‘shanda hal etiladi. Oldinda bizni Yaponiya bilan o‘yin kutyapti. Bu juda qiyin va shu bilan birga qiziqarli bahs bo‘ladi. Jamoamiz bilan jiddiy tayyorlanamiz. Jamoaviy o‘yinimiz kuchayib boryapti. Shuningdek, Myanmani albatta yutishimiz kerak. Bunga bemalol kuchimiz etadi. Boz ustiga o‘yinlar bir joyda bo‘lgani uchun parvozlar, kutishlar bo‘lmaydi. Bir joyda tayyorlanamiz. Yakunda qanday bo‘lishini ko‘ramiz. Qirg‘iziston ham, Myanma ham qanaqa natijalar qayd etishini vaqt ko‘rsatadi. Bizda ikkita, ularda uchta o‘yin bor. Bizda vaziyat yaxshiroq, etarlicha hordiq chiqarib, keyin yana o‘ynaymiz. Albatta, Yaponiyaga qarshi uchrashuv juda muhim va og‘ir o‘tadi. Balki keyinchalik vaziyat o‘zgarib ketishi ham hech gap emas. Hattoki, Myanmaning kelmasligi mumkin deb aytishyapti. U erdagi vaziyatga ko‘ra, mamlakatga hech kimni kirgizishmayapti va hech kim chiqmayapti.

Shuningdek, Tojikistonning Mongoliyaga qarshi o‘yinida Superligamizda to‘p surayotgan tojik futbolchilaridan “Bunyodkor” a’zosi Davron Ergashev asosiy tarkibda o‘ynadi. Lekin “Navbahor” vakili Exsoni Panshanbe uchrashuvni o‘tkazib yubordi. Usmon Qudratovich buning sababini aytar ekan, uning “Navbahor”dagi taqdiriga ham to‘xtalib o‘tdi.   

- Exsoni Panshanbeni terma jamoadagi avvalgi o‘yinlarida olgan sariq kartochkalari to‘planib qolgandi. Shu sababli Mongoliya bilan uchrashuvni o‘tkazib yubordi. Shunga qaramay, biz uni termaga chaqirdik. Nima uchun? Chunki Exsonini hamma yaxshi ko‘radi. Juda tartibli futbolchi, xushchaqchaq va odobli. Xarakteri ham ajoyib. U jamoa ichidagi muhitni yanada yaxshilay oladi. Shuning uchun uni chaqirdim. Mashg‘ulotlarimizda boshidan oxirigacha qatnashib, jamoamizga ruhiy tomondan ham yordam berdi.

Panshanbeni yaxshi bilaman, unga 100 foizli takliflar borligidan xabardorman. Ammo uni hozir “Navbahor” bilan shartnomasi bor. “Navbahor” yaxshi jamoa. Exsoni namanganliklar safida yaxshi o‘ynayapti, chempionatda gol ham urdi. Klubda qolishni yoki ketishni o‘zi hal qiladi. Har qanday holatda ham u juda yaxshi inson. O‘qituvchilar oilasida katta bo‘lgan. Panshanbening ishiga aralasha olmayman, hammasini o‘zi biladi. Muhimi, u murabbiylarning ko‘rsatmalariga quloq solib doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lsa, terma jamoa uchun ham foydali bo‘ladi, - deydi Toshev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!