Usmon Toshev: "Ozgina maqtasak boshqacha tushunishlari mumkin, lekin katta ishni bajardik"

  • 1 iyul, 2023, 11:00
  • 1
  • Futbol

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoamiz Tailanddagi U-17 Osiyo Kubogida ishtirok etib, jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganini yaxshi bilasiz.

Vakillarimiz chorak finalda Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida taslim qildilar va o‘z oldiga qo‘yilgan minimal vazifani bajarishdi. Afsuski, yarim finalda Janubiy Koreyaga imkoniyat boy berildi.

Baribir O‘zbekiston U-17 termamizning jahon chempionati ishtirokchisiga aylangani biz uchun eng asosiysi. Vakillarimiz bilan qit’a musobaqasida bo‘lgan O‘FA terma jamoalar boshlig‘i Usmon Toshev mazkur muvaffaqiyat haqida Sports.uz saytiga quyidagilarni aytdi:

- Albatta, bu bir kunlik ish emas. Anchadan beri shuning ustida ishlayapmiz. Bizda iqtidorli ko‘plab futbolchilar va murabbiylarimiz bor. Hammasini yuzaga chiqarib, ishlash uchun imkoniyat taqdim etilyapti va O‘FA rahbariyati tomonidan katta ishlar amalga oshirilyapti. Bu oddiy ish emas. Buni tushunish va amalga oshirish katta vaqtni talab qiladi. Ko‘p ishlarni qildik. Barcha O‘FA xodimlari bilan birga bajaryapmiz. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, barcha terma jamoalarimizda tayyorgarlik o‘zgardi. Evropaga qarab harakat qilyapmiz. Tayyorgarliklarimizni Evropa, Janubiy Amerika yoki Osiyoning kuchli jamoalariga qarshi o‘z kuchimizni sinash orqali shug‘ullanyapmiz. Bu ham oson ish emas. Bir – bir yarim yil ichida katta ishlarni bajardik. Yutuqlarimiz to‘satdan bo‘lyapti, deb o‘ylamayman. Barchasiga asta-sekinlik va reja asosida erishib boryapmiz. Buning uchun ko‘p mehnat qilish kerak. Lekin biz tayyormiz. Butun assotsiatsiya birgalikda ishlayapti. Qarasangiz, barcha yoshdagi terma jamoalarimiz chakki emas. Yosh futbolchilarimizni tayyorlasak, ertaga ularni asosiy termamizga etkazib berish mo‘ljalimizdir. Bu yo‘lda o‘z o‘yinlarimizda yutishga harakat qilamiz. Bu ularga yaxshi kayfiyat beradi. Bunday o‘yinlar xatolarimizni, kuchli taraflarimizni ko‘rsatib beradi. Shunga qarab yana tayyorgarlikni davom ettiramiz. Siz to‘g‘ri aytdingiz, asosiy maqsadimiz jahon chempionatiga chiqish edi. Yigitlar murabbiylar shtabi bilan birgalikda uddaladilar. Katta ish bo‘ldi. Rahbariyat qo‘llab-quvvatlamoqda. Hamma tabrikladi. Siz jurnalistlar ham qayg‘urdinglar va qo‘llab turdinglar. Biz barchamiz bu ishni qildik. Endi jahon chempionatiga tayyorlanamiz. Bundan keyingi har bir mashg‘ulot va o‘yinlar mundial uchun tayyorgarlikka yo‘naltirilgan bo‘ladi".

toshev

Usmon Qudratovichdan musobaqa mobaynida futbolchilarimizga chetdan qanday takliflar bo‘lgani xususida ham so‘radik.

"Takliflar haqida hech qanaqa ma’lumot bera olmayman. Chunki hali bilmayman ham. Hech kim bilan gaplashishmagan. Barcha e’tibor o‘yinlarga qaratilgandi. Agar taklif bo‘lsa ham musobaqadan keyin bo‘ladi. Chunki yigitlar hali yosh, jamoalari bilan shartnomalari bor".

Ma’lumki, orada terma jamoalarimizning mundiallarda ishtirok etishi borasida biroz uzilishlar bo‘lib qolgandi. Hayriyatki, oradan ma’lum vaqt o‘tgach, yana turli yoshdagi termalarimiz jahon chempionati eshiklarini ochmoqdalar. Toshev ushbu vaziyatga ham munosabat bildirdi.

"Balki uzilish bo‘lgandir. Lekin biz yaxshi qadriyatlarni tiklab, yanada e’tibor qaratyapmiz. Terma jamoaga yig‘ilganlarida tayyorgarlikka, texnik-taktikaga urg‘u beryapmiz. Asta-sekin klublarga o‘tishimiz kerak. Ular bilan ham yaxshi aloqalardamiz. Har bir musobaqadan keyin terma jamoa murabbiylari nima ustida ishlashgani xususidagi xulosalarini klublarga bersak, kelgusida futbolchilari termalarga kelganida ular nima ustida ishlashgani haqida bizga yozib jo‘natishsa va hamjihatlikda, maslahatlashib ishlasak yanada yaxshi bo‘ladi. Terma jamoalar bilan klublar birgalikda ishlashsa yanada zo‘r bo‘ladi. Hali ham birgalikda ish olib boryapmiz. Ularga ham katta rahmat. Futbolchilar asosiy tayyorgarliklarini klublarda oladilar. Ba’zida shunday bo‘ladiki, FIFA kunlaridan tashqarida ham o‘yinchilarni chaqiramiz. Klublar ham o‘z futbolchilarini terma jamoalarga yaxshi saviyada yuboryaptilar. Shuning uchun ularga O‘FA va o‘z nomimdan minnatdorchilik bildiraman. Shuning uchun ham ishimizda oldinga siljish bo‘lyapti. Bu bir kishini emas, hammani mehnati.

toshev2

Bilasizmi, hammada potentsial bor. Albatta, kuchimiz etadi. Yigitlar undan oldin Meksika, Marokash, Chexiya, Avstraliya kabi termalar bilan o‘ynadilar. Yigitlarni potentsiali ajoyib. Tabiatan kuchli va iqtidorli futbolchilarimiz bor. Ular bilan tarbiyaviy ish olib borish kerak. Chunki ozgina maqtasak boshqacha tushunishlari mumkin. Ularni o‘qitamiz, o‘rgatamiz. Ko‘pchiligi milliy terma jamoaga etib borishlari kerak. Yana aytaman: katta ishni bajardik. O‘FA tomonidan jiddiy e’tibor qaratilyapti. Buning mahsuli sezilyapti. Natijani bajardik", - deydi Usmon Toshev.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Urinov Shoxjahon
01/07/2023 15:55
Хамма билади Бухорони Нима ахволга солиб кетганингни. Санга мас футбол хакида огзингни ту́лдириб гапириш МАШШИНИК