Usmon Toshev Tojikistonning Bahrayn hamda BAAga qarshi o‘yinlaridan nima kutyapti?
Ma’lumki, Tojikiston milliy terma jamoasi 7 va 12 noyabr kunlari Dubayda Bahrayn hamda BAA termalariga qarshi nazorat uchrashuvlarida ishtirok etadi. Bosh murabbiy Usmon Toshev esa bo‘lajak o‘yindan nima kutayotganini hamda jamoasining tayyorgarligi borasida sports.uz saytiga quyidagilarni aytdi:
- Bugun oxirgi mashg‘ulotimizni o‘tkazdik. Endi shu kechasi BAAga jo‘nab ketamiz. Mashg‘ulotlarimiz yaxshi o‘tdi, hamma sog‘-salomat, kayfiyat ajoyib. Testlarni topshirdik, hammasiniki yaxshi. Faqat to‘rt nafar o‘yinchimiz bu yig‘inimizda qatnasha olmaydi. Ikkitasi jarohat olgan, bittasi betob bo‘lib qoldi, chetda o‘ynayotgan bir futbolchimiz kela olmaydi, faqat BAAga qarshi ikkinchi o‘yinga etib keladi.
Endi ushbu safarimizga to‘rt nafar yosh iqtidorli yigitlarni olib ketyapmiz. Bahrayn hamda BAAga qarshi yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishga harakat qilamiz. O‘zimizni uslubda ishlayapmiz va agar hammasi yaxshi bo‘lsa, yutishga harakat qilamiz.
Bu ham biz uchun katta bosqich. Chunki ikkita yaxshi jamoa bilan o‘ynaymiz. Oxirgi marta O‘zbekistonga qarshi maydonga tushgandik. Ta’tildan keyin jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Yigitlar yig‘inga charchamagan holda yangicha ishtiyoq bilan kelishdi. Safardagi uchrashuvlarda o‘zimizni yana bir bor tekshirib olamiz, - dedi Usmon Qudratovich.
Fikrlar