Vadim Nemkov ilk himoya jangini o‘tkazadi
Yarimog‘ir vaznda "Bellator" chempioni Vadim Nemkov Fil Devisga qarshi birinchi himoya jangini o‘tkazadi. Bu haqida tashkilot prezidenti Skott Koker aytib o‘tdi.
“Devis o‘tgan safar Nemkovga qarshi ajoyib jang o‘tkazgan edi. Shuning uchun biz unga revansh taqdim etmoqdamiz. O‘shandan beri Fil jiddiy ishlarni amalga oshirdi. Devis Machidani mag‘lubiyatga uchratdi va birinchi raqamli da’vogarga aylandi”, - deb ta’kidladi Koker.
Jang sanasi borasida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 28 yoshli rossiyalik “Bellator 244” doirasida yarimog‘ir vazn toifasida Rayan Beyderni texnik nokaut bilan mag‘lub etib, ushbu divizion chempioniga aylangandi. Nemkov va Devis o‘rtasidagi birinchi jang 2018 yil noyabr oyida “Bellator 209” turniri doirasida bo‘lib o‘tgan, unda Nemkov hakamlar qarori bilan g‘olib, deb topilgandi.
Fikrlar