Vinisius “Real”dan ketmoqchi: Men o‘zimni keraksiz his qilgan joyda o‘ynamayman!
Madridning “Real” klubi hujumkor futbolchisi Vinisius Zhunior La Liganing 20-turida “Levante”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yindan (2:0) so‘ng, yaqinlariga jamoani tark etish istagini bildirgan.
O‘sha o‘yinda madridlik muxlislar uni har bir to‘pga tegishida hushtakbozlik qilgan edi. Bu haqida El Periodico gazetasi xabar bermoqda.
- Men o‘zimni keraksiz his qilgan joyda o‘ynashni istamayman, - degan braziliyalik yulduz.
Ta’kidlanishicha, muxlislarning hushtaklari Vinisius uchun “oxirgi tomchi” bo‘lgan. U “Real” ishqibozlarining o‘ziga nisbatan salbiy munosabatidan charchagan va klub uchun qilgan xizmatlarini yetarlicha qadrlanmayapti, deb hisoblaydi.
Vinisius 2018 yildan beri “Real” safida o‘ynab kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 29 ta o‘yinda ishtirok etib, 6 ta gol va 8 ta golli uzatma amalga oshirgan.
Uning shartnomasi 2027 yilning yozigacha amal qiladi. Klub rahbariyati agar hamkorlik muddati shu mavsum oxirigacha yakunlanmasa, Vinisiusni yozda sotib yuborishi mumkinligi aytilmoqda. Transfermarkt portaliga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 150 million yevroni tashkil etadi.
Fikrlar