Vitaliy Galat: "Penaltilar borasida xavotirlar borligini inkor etmayman"
Fargʻonaning "Neftchi" klubi yaqinda Superkubokni qoʻlga kiritib, sovrinlari qatoriga yana bir Kubokni qoʻshib qoʻydi. Bunda butun jamoaning va albatta murabbiylar shtabining ham hissasi katta.
Jumladan, yil boshida darvozabonlar murabbiyi sifatida ish boshlagan tajribali Vitaliy Galat oʻz shogirdlarining mahoratini oshirib bormoqda. Chempionatda 4 ta oʻyinda faqat 1 ta gol oʻtkazishdi. Superkubokda esa darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Shu bois klub matbuot xizmati Vitaliy Galat bilan suhbatlashdi.
- Superkubokdagi gʻalaba sizda qanday his-tuygʻularni uygʻotdi?
- Barchani ushbu gʻalaba bilan muborakbod etaman. Superkubok juda ahamiyatli sovrin. Shuning uchun gʻalabadan keyin quvonch va gʻurur tuygʻusini boshdan kechirdim.
- Shogirdlaringizni ushbu muhim uchrashuvga ruhlantirish ishlari qanday kechdi?
- Tajribali futbolchilarni ruhlantirish uchun unchalik dalda kerak emas, deb oʻylayman. Ular maydonda faqat ishonch bilan harakatlanishlariga ishora qilaman.
- Kubok oʻyini oldidan xavotirlar boʻlganmi?
- Penaltilar borasida xavotirlar borligini inkor etmayman. Chunki "Paxtakor" bilan oʻyindan oldin penaltilarni kimlar va qanday ijro etishini oʻrganib chiqqan edik.
- Superkubok bahsidan soʻng eng yaxshi oʻyinchilarni aytib bera olasizmi?
- Butun jamoamiz qoyilmaqom oʻyin koʻrsatdi. Ammo baʼzi-bir xavfli vaziyatlarda Botirali Ergashev darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldi.
- Andijon oʻyingoʻhidagi muhit haqida va muxlislarga tilaklaringizni bildirib oʻtsangiz.
- Muxlislarimizga cheksiz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Chunki ular oʻyin oldidan va undan soʻng ajoyib bayramona muhitni yaratdilar. Muxlislarimizga sogʻlik salomatlik, jamoamizga esa doimiy ishonch bildirishlarini tilayman.
Fikrlar