
Xamzat Chapanov qo‘rqinchli emas yoxud Shohasan yuragi "butun" bola!
Ma’lumki, 16 sentyabr kuni Toshkent shahri MPL-8 (Muradov Professional _Liga) turniriga mezbonlik qiladi. Ushbu jang oqshomining asosiy to‘qnashuvi hamyurtimiz Shohasan Mirzamatov (10-2) va rossiyalik Xamzat Chapanov(11-3) o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Ha, ular avvalgi turnirlarda jang qilishi kerak edi. Biroq, Chapanovning vazn qila olmaganligi va qilishga xohishi yo‘qligi sababli jang bekor qilingandi. Biroq, ikkisi biribir jang qiladigan bo‘ldi. Bilasiz, ular o‘rtasida biroz tortishuvlar ham yuz bergandi. Aynan ushbu voqeliklar mazkur qarama-qarshilikka yanada intriga qo‘shdi. Bir so‘z bilan aytganda, 16 sentyabr kuni bizni "dahshat"li jang kutib turibdi.
Xamzat Chapanov qanday jangchi o‘zi?
Rossiyalik jangchi albatta o‘ziga xos kuchga ega bo‘lgan atlet hisoblanadi. Professional faoliyati mobaynida 14 ta jang o‘tkazgan va ularning 11 tasida g‘alaba qozongan va 3 marta mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. Chapanovni "MMA Series 43" turnirida rossiyalik Richard Totrov, "MMA Series 24"da Vyacheslav Babkin va Fight Riod turnirida Sergey Kalinin mag‘lub eta olgandi. Ayniqsa, Kalinin Chapanovni juda qiyin ahvolga solgan holda, texnik nokaut bilan mag‘lub etgan. Shubhasiz, bu sport turida mag‘lubiyatlar bo‘lib turishi tabiiy. Chunki, kichik bir xato qimmatga tushadi. Chapanov ham so‘ngi mag‘lubiyatidan keyin kerakli xulosani chiqargan holda, g‘alabali seriyaga qaytib olgan. Totrovdan uchralgan muvaffaqiyatsizlikdan keyin ketma-ket 5 ta jangda zafar quchdi. Ha, uning "MPL-5" turnirida yurtdoshimiz Mironshox Jafarovga ham imkoniyat qoldirmaganiga guvoh bo‘ldik. U so‘ngi jangini 2022 yil 17 dekabr kuni hamyurti Sirajiddin Mejidovga qarshi o‘tkazdi va 1-raunddayoq "sabmishen" evaziga g‘alaba qozondi.
Shu jihatiga ham to‘xataladigan bo‘lsak, g‘alabalarining 3 tasini "sabmishen" orqali , 7 tasni KO, TKO (Nokaut, texnik nokaut) bilan qo‘lga kiritgan. Bittagina jangda ochkolar evaziga zafar quchgan. Ummuan olganda anchagina xavfli raqib! Bo‘ylari baland, oyoq-qo‘llari uzun, yarim o‘rta vazn (77,1 kg) toifasi uchun mukammal bo‘y-bastga ega desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Asosiy zarbani o‘ng qo‘lda yo‘llaydi. Shuningdek, oyoqdagi aylanma zarbalari anchagina xavfli va u ushbu zarbani jang mobaynida juda ko‘p qo‘llaydi. Jiu-jitsusi, kurashi borasida ham yaxshi fikr bildirish mumkin. Jangida rang-baranglik bor. Noodatiy harakatlarni amalga oshiradi. Xullas, jiddiy jangchi!
Shohasan Mirzamatovning ustunlik jihati nimada?
Liga o‘zimizniki, qolaversa jang Toshkentda, o‘zbekistonlik muxlislar ko‘z o‘ngida bo‘lyapti, deyishingiz mumkin. Biroq, MMAda bu nisbiy tushuncha hisoblanadi. Chunki, oktagon eshiklari yopilganidan so‘ng, jangchilarning e’tibori faqat raqibga qaratiladi va oktagondan tashqaridagi voqealar ularni ko‘p ham qiziqtirmaydi. Shohasanni shundoq ham raqibdan kuchli tomonlari ko‘p. Jumladan, Mirzamatov kuchli harakterga ega. Unda qo‘rquv degan xis yo‘q. Yuragi "butun" bola. To‘g‘ri, Edil Esengulov bilan jangdan keyin uning kurashini kuchaytirishi kerakligi haqida muxlislar va mutaxassislar ko‘p fikr-mulohazalar bildirdi. Ha, uning kurashi mukammal emasdir. Biroq, kuchsiz ham emas. U "Teyk-daun"dlardan yaxshi himoyalana oladi. Esengulovning kurashi bilan taqqoslash biroz noo‘rin. Chunki qirg‘izistonlik jangchining kurashi butunlay boshqa darajada...
Chapanovning kurashi esa, Mirzamatovga o‘tadi, deb o‘ylamayman. Shohasan bemalol uning bu borradagi hujumidan himoyalana oladi. Shuningdek, yurtdoshimizning "stoyka"dagi ustunligini baralla ayta olamiz. Chapanovning oyoqlari biroz nozik va "lou-kik" zarbalariga u qadar bardoshli emas. Shohasanning "lou-kik"lari esa, har qanday raqib uchun bosh og‘riq bo‘ladi. Zarba kuchi borasida ham ustunlik Mirzamatov tomonida.
Imkoniyatlar...
Yuqorida ikkisining kuchli tomonlarini aytib o‘tdik. Ha, Chapanov oddiy raqib emas. Biroq, bu qarama-qarshilikda yurtdoshimizning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lar edik. Shohasan kchli harakteri va "stoyka"dagi ustunligidan unumli foydalangan holda, jangni muddatidan avval yakunlasa kerak. Shohasanning birgina aniq zarbasi Chapanov uchun katta talofot bo‘ladi. Chunki, unda zarba ko‘tarish borasida muammolari yo‘q emas. Xullas, imkoniyatlarni 60/40 deya baholagan bo‘lardik. Albatta, Mirzamatov foydasiga!
Ha, bu fikrlar, mulohazalar qanchalik haqiqatga aylanadi, buni yana ikki kundan keyin bilib olamiz. Biroq, biz yurtdoshimizning chiroyli g‘alabasiga umid qilib qolamiz va ishonamiz. Omad Shohasan!
Fikrlar