Xamzat Chimaev Kamaru Usmanni bo‘g‘ib qo‘yishiga ishonmayman! (Tahlil)

  • 13 oktabr, 2023, 12:27
  • 0
  • MMA

So‘ngi kunlarda UFC olamida katta shov-shuvlar yuzaga keldi. Jumladan, “UFC 294” turnirining ikki markaziy jangida ham o‘zgarish yuzaga keldi. Islom Maxachevga qarshi asosiy to‘qnashuvda oktagonga ko‘tariluvchi Charlz Oliveyrani o‘rnini Aleksandr Volkanovski egallagan bo‘lsa, ikkinchi markaziy jangda yana bir braziliyalik Paulo Kosta o‘rnini Kamaru Usman to‘ldirdi va u Xamzat Chimaevga qarshi jang qiladi.

Biz ularning dastlabkisi Chimaev-Usman qarama-qarshiligi haqida biroz so‘z yuritamiz.

- Paulo Kostaning jangdan chiqishi muxlislarni katta xavotirga soldi. Chunki hozirgi kunda UFCning yorqin yulduzi Xamzat Chimaevning jangini kutayotganlar oz emasdi. Biroq, Dana Uayt yana topqirlik qildi va jangga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirgan holda, Chimaev uchun avvalgisidan-da murakkabroq raqib topdi. Ha, bu yarim o‘rta vazn (77,1 kg) toifasi sobiq chempioni Kamaru Usman!

Darxaqiqat, Chimaev uchun bu raqib katta boshog‘riq bo‘ladi. Chunki Usman haqiqatdan juda kuchli jangchi. Xamzat qo‘llaydigan istalgan uslubga qarshi mudofaasi tayyor bo‘lgan atlet hisoblanadi. Bemalol kurash borasida ham bahslasha oladi. “Stoyka” borasida ham ustun bo‘lsa, ustundirki, aslo kam emas. Uzoq raundlik janglar olib borishda ham Usman tomonida ustunlik. Xullas, Usman katta nom, jiddiy raqib! Biroq, unda bir nechta minus jihatlar bor. Jumladan, u jangni qisqa muddat oralig‘ida qabul qildi. To‘g‘ri, u o‘rta vazn (83,9 kg)da jang qiladi va vazn tashlash borasida muammo bo‘lmaydi. Biroq, baribir bunday muhim jang va jiddiy raqib uchun to‘liq mashg‘ulot lageri kerak bo‘ladi. Usman buni o‘tamadi. Qolaversa, uning so‘ngi janglardagi mag‘lubiyati ruhiy holatiga ham ta’sir o‘tkazganligi tabiiy. Ayniqsa Edvardsdan uchralgan nokautdan keyin revansh jangida butunlay boshqa Usmanni guvohiga aylandik. Avvalgi “monstr” Usmandan xech narsa qolmagandi.  Juda og‘ir nokautdan keyin yana qayta olish uzoq vaqtli muddatni o‘z ichiga oladi. Sportchiga “qaytish” janglari kerak bo‘ladi. Lekin Usman bunday janglarda yana Edvards bilan duch keldi. Endi esa Chimaev bilan. Xullas, Usmanning eng og‘riqli kamchiligi ruhiy holatida bo‘ladi. U qanchalik tiklana olganligi ushbu jang natijasiga katta ta’sir o‘tkazadi.

Chimaev esa to‘liq lagerni o‘tkazdi. U jangga och bo‘ridek tashrif buyuradi. Unda mag‘lubiyat va og‘ir nokautlar yo‘q. U mag‘lub bo‘lish xissi degan tushunchadan yiroq va kuchli harakter egasi. Qolaversa, unda ishtiyoq yuqori. Ushbu jangdagi g‘alaba chempionlik titulini berishi esa yanada motivatsiya beradi. Shuningdek, Chimaev Usmanga nisbatan tezkorroq. Xulosa qilib aytganda, jang muddatidan avval yakunlanadi, deb o‘ylamayman. Chimaev Usmonni bo‘g‘ib qo‘yishiga yoki Usman Chimaevni nokautga uchratishiga ham ishonchim komil emas. Nazarimda jang to‘liq davom etadi va unda Chimaev ochkolar hisobida g‘alabaga erishadi. Imkoniyatlarni 55/45 deya baholagan bo‘lardim. Albatta, Chimaev foydasiga! Shubhasiz, bu shaxsiy fikrimiz va aslida jang qanday ko‘rinish oladi, 21 oktyabr kuni bilaib olamiz!

                                                                                                                                                       Ahmadbek Eshmatov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!