Harri Keyn: "Keyingi hafta bu g‘alabani takrorlashga harakat qilamiz"

  • 08.04.2026 12:21
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

"Bavariya" hujumchisi Harri Kein Chempionlar ligasi chorak finalida "Real" maydonida qo‘lga kiritilgan 2:1 hisobidagi g‘alabadan mamnunligini bildirdi.

Angliyalik forvardning taʼkidlashicha, Madridda natija qayd etish har doim qiyin vazifa hisoblanadi.

"Bu atrofdagi shov-shuv, Madriddga safar va bu yerdan yaxshi natija olishga urinish — har doim oson emas.

Bizda yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi, raqibda ham shunday vaziyatlar uchradi, buni tan olish kerak. Shunga qaramay, javob o‘yini oldidan bu g‘alabadan juda mamnun bo‘lishimiz mumkin", — dedi Kein.

Shuningdek, u jamoadagi o‘zaro tushunish va bog‘liqlik tobora kuchayib borayotganini taʼkidladi.

"Biz birga juda yaxshi pallalarni boshdan kechirdik. Hozir mavsumning hal qiluvchi qismi. Qancha ko‘p birga o‘ynab, mashq qilsak, hissiyot va o‘zaro bog‘liqlik shuncha kuchayadi.

Biz doim xavf tug‘dira olishimizni his qilamiz, har doim gol ura olishimizga ishonamiz.

Hozir yaxshi holatdamiz, lekin diqqatni yo‘qotmaslik kerak. Endi tiklanish va keyingi hafta bu muvaffaqiyatni takrorlashga harakat qilamiz", — dedi angliyalik yulduz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!