
Xayrulla Hamidov: Bugungi o‘yin yil bahsiga aylanib ketishi mumkin
Bugun Angliya chempionati 34-turidan o‘rin olgan "Arsenal" - "Lester" uchrashuvi o‘tkaziladi. Ushbu bellashuvni Xayrulla Hamidov "Futbol TV" orqali jonli efirda sharhlab boradi. O‘yin oldidan sharhlovchi telegramdagi sahifasida o‘z fikrlarini bildirdi.
- “Arsenal” “Vulvz”ni mahv etib, endi “Lester”ni qabul qiladi. EChL yo‘llanmasidan umidini uzgan, biroq EL ishtirokchisi bo‘lish uchun kurashadi hali. Har holda oxirgi natijalar asos bera oladi.
Arteta yigitlari restertdan so‘ng yaxshi qaytishmadi: “ManSiti”ga boy berilgan o‘yin (0:3) va “Brayton”dan engilgach (1:2), “Sautgempton”ni (2:0), “Norvich”ni (4:0) va “Vulvz”ni (2:0) mag‘lubiyatga uchratdi.
“Arsenal”ga muammo bo‘ladigan narsa faqatgina “Lester”ning maqsadlari. Rojers shogirdlarining orzulari ulkanroq, albatta. Klub karantindan so‘ng muxlislarini ranjitmoqda - “Uotford” va “Brayton” bilan durang, kubokda “Chelsi”dan qaqshatqich zarba va “Everton”dan fiasko (1:2) “tulkilar”ning uchinchi o‘rnini ancha qimirlatib qo‘ydi.
Ko‘ryapsizmi, jamoalarning holati bugungi jang jiddiy bo‘lishini taqozo etadi. Yana bu o‘yin agar bu bahsda jamoalar o‘zlariga kerakli natijani qayd etishmasa, keyingi o‘yinlarida jiddiy sinovlarga duch kelishi bilan-da muhim.
“Arsenal”ni “Tottenxem” safari, so‘ng “Liverpul” bilan o‘yin, oxirida “Manchester Siti” bilan kubok yarim finalidagi uchrashuv kutib turibdi. Hozir hal qilib olmasa, keyingi o‘yinlariga ta’sir qilishi turgan gap.
“Lester” oxirgi turlarda “Tottenxem” va MYu bilan saflanishini hisobga olsak, uning uchun ham muhim pallalar etib keldi. Menimcha, “Emereyts”dagi bugungi o‘yin yil bahsiga aylanib ketishi mumkin.
“Bo‘rilar”ga em bo‘lmay omonlik topgan “to‘pchilar” “tulkilar” ayyorligi oldida qanday usul qo‘llasharkan, ko‘ramiz.
Futbol tv kanali orqali 00:15da “APL jangi”ga yo‘l olamiz. Birgalikda, - deya yozib qoldirdi Xayrulla Hamidov.
Fikrlar