
Xayrulla Hamidov: Shomurodovning gol urishida asosiy ishni Mourino bajarib berdi...
UEFA Konferentsiyalar ligasi pley-off bosqichida "Trabzonspor" hamda "Roma" jamoalari o‘zaro bellashdi.
Uchrashuvda Lorentso Pellegrini 55-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, oradan 9 daqiqa o‘tib, Kornelius muvozanatni tikladi. Ushbu bahsda rasmiy o‘yinlardagi debyutini nishonlagan Eldor Shomurodov 81-daqiqada "bo‘rilar"ga g‘alaba keltirgan golga mualliflik qildi.
O‘yindan keyin taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov telegramdagi sahifasida Shomurodov asosiy tarkibga munosibligi bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
- Eldor Shomurodov “Roma” safidagi ilk rasmiy o‘yinidayoq birinchi golini urdi. Darvoza chiroyli tarzda ishg‘ol etildi. Bu erda asosiy ishni Mourino bajarib berdi, deb o‘ylayman. Joze zaxiradagi Borxa Mayoralni o‘rnidan turg‘azib, tayyorlan, dedi. Buni ko‘rgan Eldor Shomurodov gol urmasam bo‘lmaydi, dedi. Motivatsiya uyg‘otish boshlandi Mourdan, javob esa Eldordan.
Hamyurtimiz “Roma” jamoasining keyingi bosqichdagi o‘yinlarida ham asosiy figurasi bo‘ladi, degan umiddamiz. A Seriyadagi “Fiorentina” bilan bo‘ladigan bahsda endi Mourino yurtdoshimizni asosiy tarkibda tushirsa kerak. Uyat bo‘ladi bundan keyin bu bola zaxiradan maydonga tushib yursa, - dedi Xayrulla Hamidov.
Endi tomonlar javob o‘yinida 1 haftadan keyin Rimda to‘qnash keladi. Mazkur juftlik g‘olibi guruh bosqichiga yo‘l oladi.
Fikrlar