Xoland «Barselona» yoki «Real»ga o‘tish uchun bitta shart qo‘yadi
Erling Holann «Real» yoki «Barselona»ga o‘tishni ko‘rib chiqmoqda va yangi shartnomada majburiy to‘lovli chiqish bandini talab qilmoqda.
Erling Holandning Ispaniyaning yetakchi klublariga o‘tishi haqidagi mish-mishlar anchadan beri davom etmoqda. «Manchester Siti» moliyaviy qoidabuzarliklar uchun jazolanishi mumkinligi haqidagi xabarlar norvegiyalik hujumchining yozgi transfer oynasida Ispaniyaga ko‘chib o‘tishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarni yanada kuchaytirdi.
El Nacional nashrining xabar berishicha, Holand «Real» va «Barselona» variantlarining har ikkalasini ham ko‘rib chiqishga tayyor. Biroq norvegiyalik futbolchining muhim bir talabi bor: u qaysi klubga o‘tmasin, shartnomasida belgilangan tovon pulini to‘lash orqali jamoani tark etish imkoniyati bo‘lishini istaydi. Hujumchi o‘z kelajagini mustaqil belgilash va zarur deb hisoblagan paytda faoliyatida yangi sahifa ochish imkoniyatiga ega bo‘lmoqchi. Tovon puli miqdori yuqori, biroq real bo‘lishi kerak.
Qayd etilishicha, Holandning agenti Rafaela Pimenta ham shunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi.
«Uning uchun eng muhimi — uzoq muddatli shartnoma futbolchini o‘z faoliyatini mustaqil boshqarish imkoniyatidan mahrum qilmasligidir. Futbolchi keyingi bosqichga o‘tish vaqti keldi, deb hisoblaganida, bunday qarorni o‘zi qabul qila olishi kerak», — deyiladi xabarda.
Tovon puli miqdori muzokaralarda asosiy masalalardan biriga aylanishi mumkin. Haddan tashqari yuqori summa futbolchining jamoani tark etish imkoniyatini cheklasa, juda past miqdor klub uchun yetarli kafolat bermaydi. Shuningdek, ushbu bandni qaysi klublar va qachon faollashtirishi mumkinligi ham muhokama qilinishi ehtimoldan xoli emas.
Transfermarkt portali 26 yoshli Erling Holandning transfer qiymatini 220 million yevroga baholamoqda.

Izohlar (0)