Xurshid Gʻiyosov: "Jamoaga moslashuv jarayoni men oʻylaganimdan osonroq kechdi"

  • 23.01.2026 19:59
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

O‘zbekistonning amaldagi chempioni hisoblangan Farg‘onaning “Neftchi” klubi Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib bormoqda.

Xabaringiz bor, “Neftchi” tarkibini yanada boyitish va kuchaytirish uchun seleksiya ishlari davomida yangi transferlarni amalga oshirdi. Taklif qilingan hamda shartnoma imzolagan o‘yinchilar orasida Xurshid G‘iyosov ham borligini yaxshi bilasiz.

OKMKda muvaffaqiyatli mavsumlarni o‘tkazgan G‘iyosov o‘z jamoasining haqiqiy yetakchisiga aylangandi. Endilikda u yangi mavsumda chempion jamoa safida to‘p surishga qaror qildi. Hozirda u yangi klubi bilan Antaliya yig‘inida faol ishtirok etyapti.

Kuni kecha klub matbuot xizmati G‘iyosovning dastlabki fikrlari bilan qiziqdi.

- Mashg‘ulotlar har kuni ikki mahaldan bo‘lyapti, - deya gap boshladi, G‘iyosov. - Albatta, oson deya olmaymiz, bu yig‘in. Murabbiylar xohlayotgan narsani 100 foiz bajarishga harakat qilyapmiz. Bunga ham biroz vaqt kerak. Chempionatga Xudo xohlasa tayyor bo‘lib boramiz.

- Jamoaga moslashuv jarayonlari qanday davom etyapti?

- Moslashish jarayoni men o‘ylagandan ham osonroq kechdi. Chunki “Neftchi”da ichki muhit ajoyib. Hammasi o‘zimni tanishlarim, moslashish qiyin bo‘lmadi. “Neftchi” chempion jamoa. Yangi mavsumda bizga oson bo‘lmaydi. Negaki, boshqa jamoalar bizga qarshi alohida boshqacha tayyorgarlik ko‘rishadi. Biz ham shunga yarasha tayyorlanamiz va jamoa bilan birgalikda yana chempionlikni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.

- O‘tkazilayotgan nazorat o‘yinlari haqida nima deya olasiz?

- Albatta, mashg‘ulotlar kuniga ikki mahaldan o‘tayotgani sababli nazorat uchrashuvlari qiyin o‘tyapti. Mashg‘ulotda qiyin bo‘lsa, chempionatda oson bo‘ladi, deb o‘ylayman. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!