Yangi mavsum uchun yaratilgan eng yaxshi safar liboslari TOP-10 taligi bilan tanishing
Kelgusi mavsum nafaqat maydonda, balki butun dunyo futbolini bezaydigan forma dizayni bo‘yicha ham ajoyib bo‘lishi kutilmoqda. Klublar ijodkorlik chegaralarini kengaytirmoqda, forma ishlab chiqaruvchilar esa an’analarni innovatsiyalar bilan uyg‘unlashtirishmoqda. Bu yozda shov-shuvga sabab bo‘lgan eng yaxshi 10 ta futbolkani jamladik. Keling, ularni ko‘rib chiqamiz.
"Arsenal" x Adidas

Taassurotli dizaynga ega forma. Innovatsiya va nostalgiyaning mukammal uyg‘unligi. "Arsenal" va Adidas o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab klublar uchun namuna bo‘la oladi, deb ishonch bilan aytish mumkin.
"Venetsiya" x Nocta Away

Ajoyib dizayn. Nocta va "Venetsiya" ushbu futbolkani ishlab chiqarib, barcha kutilgan natijalardan ham yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Aynan shunday libosni ko‘pchilik o‘z kiyim javonida ko‘rishni istaydi. Hatto oddiy sayr uchun ham ayni muddao. Bu sof ko‘rinishdagi moda va futbolning uyg‘unligidir.
"Liverpul" x Adidas

Yangi davrning boshlanishi. "Liverpul" va Adidas rasman shu mavsumdan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Uy va safar formalari jamoaning yangi davri bilan uyg‘unlashgan 2000 yillar nostalgiyasi bilan to‘ldirilgan.
"Bayer" x New Balance

"Bayer" Bundesliganing safar o‘yinlarida pushti va oq rangli libosda harakat qiladi. Yorqin ranglar uyg‘unligi, ajoyib naqsh va erkin siluet - mana nima uchun biz bu futbolkadan ko‘z uza olmaymiz. Ehtimol, bu hammaga ham yoqmas, lekin shubhasiz chiroyli dizaynga ega.
"Real Madrid" x Adidas

"Qaymoqranglilar" formasi muxlislarni hayratda qoldiradi va ular bu an’anani tugatishni xohlamaydilar. 2025-2026 yilgi mavsumda ajoyib safar to‘plami "Real"ni La Ligadagi yana bir mavsumga tayyorlamoqda. Adidas muxlislar zavq bilan qabul qiladigan mashhur shakldagi forma bilan 2000 yillar muhitini qaytarmoqda.
"Red Star" x Kappa

Bu formani ushbu ro‘yxatga kiritishga majbur edik. U maydonda e’tiborsiz qolishi mumkin, ammo oddiy xaridorlar orasida albatta talabga ega bo‘ladi. Butun futbolka bo‘ylab yorqin ranglar uyg‘unligi unga o‘ziga xos ko‘rinish beradi.
"Tottenxem" x Nike

Nike haqiqatan ham muvaffaqiyatli yurishni amalga oshirdi. 2025-2026 yilgi mavsum uchun "Tottenxem"ning safar formasini qora ko‘rinishda yaratdi. Bu to‘plam 2025-2026 mavsumda Premer-ligadagi eng ajoyib formalardan biri bo‘lishi mumkin.
"Atalanta" x New Balance

New Balance’dan yana bir san’at asari. Ular e’tiborga sazovor libosni yaratish uchun tez-tez uchraydigan odatiy andozalardan voz kechdilar. An’anaviy ko‘k va qora ranglar orqali urf-odatlarni saqlab qolgan holda, klub oq asosiy rang va o‘ziga xos dizayn tufayli yangicha ko‘rinishga ega bo‘ldi.
"Kadis" x Macron

E’tibordan chetda qolgan yana bir futbolka. Unda madaniyat va o‘ziga xos xususiyatlar ajoyib dizaynda uyg‘unlashgan. Bu futbolka mahalliy muxlislar va madaniyatga bag‘ishlangan bo‘lib, g‘oyat nozik tafsilotlar va betakror dizayn bilan yaratilgan. Bu yil Macron’ni ishlab chiqaruvchilar orasida yilning haqiqiy kashfiyoti deb tan olish mumkin.
"Oksford Yunayted" x Macron

Mazkur ro‘yxatda "Oksford" va Macron hamkorligini ko‘rishni kutmagandik. Bu formani Chempionshipdagi eng yaxshisi deb atash mumkin, u ligaga bo‘lgan qiziqishni jiddiy darajada oshiradi. Butunlay qora rangda, oltin rangdagi yozuvlar bilan bezatilgan - bu haqiqatan ham ajoyib ko‘rinadi.
Fikrlar