Yorqin Nazarov: "Rossiya klubiga ketishim kerak edi, to‘g‘risi, "Turon" taklifini kutmagandim"

  • 2 iyul, 2023, 20:26
  • 0
  • Futbol

“Turon” klubida yana yangi bosh murabbiy ish boshladi. Bu safar Yorqin Nazarov taklif qilindi. Ertaga Bekobodda “Metallurg”ga qarshi uchrashuvga jamoani Nazarov tayyorlamoqda.

Aytish mumkinki, u  “Turon” bilan shartnoma imzoladi. Sports.uz jurnalisti esa jamoaning yangi ustozi bilan bog‘landi.

- Odatda qaysidir murabbiyni ishdan ketganidan so‘ng boshqa klubda ish boshlashi uchun ma’lum vaqt talab qilinadi. Lekin siz bilan boshqacharoq vaziyat sodir bo‘ldi. “So‘g‘diyona”dan ketdingiz va oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan “Turon”da ish boshladingiz. Bu taklifni kutganmidingiz?

- To‘g‘risini aytsam, taklifni kutmagandim. Rossiya ikkinchi divizionidan taklif tushgandi, shanba kuni kechki payt jo‘nab ketishim kerak edi. Lekin oilam xohlamadi. Keyin o‘zimizdan taklif bo‘lib qoldi. “Turon” chaqiruvini yaxshilab o‘rganib chiqdim va qabul qildim. Hozir jamoa qiyinroq vaziyatda. Shunday bo‘lsa ham ijobiy natija uchun oxirigacha harakat qilamiz.

- Rossiyadan qaysi klub xizmatingizga qiziqib qolgandi?

- “Mashku Pyatigorsk”.

yorqin1_1

- “Turon”dagi vazifangiz tabiiyki, jamoani Superligada saqlab qolish. Buning uchun qanday rejalaringiz bor?

- Bizda “A” va “B” rejalari bor. Ko‘p narsa “Metallurg”ga qarshi o‘yindan keyin ma’lum bo‘ladi. Agar hozirgi tarkib saqlab qolinadigan bo‘lsa, vazifani bajarish yaxshiroq bo‘lardi. Agarda tarkibni saqlab qola olmaydigan bo‘lsak, iste’dodli yoshlar bilan davom ettiramiz.

- Yozgi selektsiyada tarkibga yangi futbolchilarni jalb qilish rejangiz bormi?

- Rejada futbolchilar bor. Lekin barchasi “Metallurg”ga qarshi uchrashuvdan keyin ma’lum bo‘ladi. Boya aytganimdek, bizda “A” va “B” rejalari bor. Agar tarkib saqlanib qolinsa va ularga 3-4 ta o‘yinchilarni qo‘shsak tayyor jamoa. 3-4 kun shug‘ullantirdim. Aytishim kerakki, qishda yaxshi selektsiya bo‘lgan. Tajribali futbolchilar. Lekin nimadir sabab bo‘lib, omadi kelmadi.

yoryin1_1

- Bungacha “Turon”ni kuzatgan bo‘lsangiz, sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Oldin tomosha qilgan bo‘lsam, shunchaki ko‘rardim. Taklif bo‘lganidan keyin “Turon”ning “Qizilqum” bilan o‘yinini yaxshilab kuzatdim. Yigitlar yomon o‘ynashmadi, faqat omad yuz o‘girdi. “Qizilqum” bilan uchrashuvini tahlil qilib chiqdim. Yutsa ham bo‘lardi, yutqazib qo‘yishi ham mumkin edi. Dastlabki taassurotim shundayki, qishda yaxshi selektsiya bo‘lgan. Legionerlar ketgan taqdirda ham jamoa o‘yini yaxshi. Barcha chiziqlarda mahoratli o‘yinchilar bor. Nega omadsiz qatnashishganini to‘g‘risi bilmadim.

- “Turon” hali g‘alabasiz seriyasini davom ettiryapti. Balki “Metallurg”ga qarshi bahsda jamoa sizning boshchiligingizda bunga chek qo‘yish imkoniyati ham bor. Bu esa sizga bosh murabbiy sifatidagi debyutingizda motivatsiya beryaptimi?

- Ha, bu menga ham motivatsiya beradi. Ijobiy natijaga erishishga harakat qilamiz. Menimcha, bu yigitlarga ham motivatsiya. Balki ko‘p narsa bo‘lajak uchrashuvga bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!