Legionerimiz Rossiya terma jamoasiga maslahat berdi
O‘zbek futboli tarbiyalanuvchilari- Umarali Rahmonaliev va Rustam Ashurmatov klublar miqyosida “Rubin” jamoasi sharafini himoya qilayotgani bois, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari ham qozonliklarning muxlisi hisoblanadi.

“Rubin” joriy mavsumda yuqori o‘rinlar uchun kurashishi kutilayotgan edi. 14-turdan keyin jamoa 18 ochko bilan musobaqa jadvalining ettinchi qatoridan joy olgan.
Qozonliklarning asosi himoyachilaridan biriga aylanib qolgan Rustam Ashurmatov jamoasining Premer-ligadagi o‘rniga o‘z munosabatini bildirdi.
- “Rubin”ning sport formasi haqida gapirganda bizda qandaydir krizis bo‘lgan, degan fikrlarga qo‘shilmayman. Masalan “Lokomotiv” bilan bo‘lgan bahsda raqibda to‘p darvoza ustuniga tekkanidan boshqa xavfli vaziyat bo‘lmadi.
Biz esa o‘sha o‘yinda ikkita qulay vaziyatdan gol ura olmadik. Ba’zan g‘alaba va ayrim hollarda mag‘lubiyat ham bo‘lib turadi. Biz kurashishda davom etamiz va keyingi o‘yinda uch ochkoni qo‘lga kiritishga umid qilamiz.
Biz bundanda yaxshiroq o‘ynay olamiz, qolaversa, ettinchi o‘rin ham yomon natija emas. Bizdan yuqorida byudjeti katta jamoalar joylashgan. Tabiiyki, bu natijadan qoniqyapmiz, deya olmayman, lekin vaziyat yomon emas, - dedi Rustam Ashurmatov.
Shuningdek, 28 yoshli himoyachi Rossiya milliy terma jamoasining Osiyo futbol konfederatsiyasiga qo‘shilishi kerakligi haqidagi ma’lumotlarga ham o‘z qarashlarini bildirdi.
- Osiyo futbol konfederatsiyasiga Rossiya terma jamoasi kerak emas, deb o‘ylayman. Chunki Rossiyani yana Evropaga qaytarishlariga umid qilyapman. Shu bois, Osiyoga o‘tishning hojati yo‘q.
Lekin Rossiya terma jamoasi Osiyoda eng kuchlilardan bo‘lishi mumkin edi. Uning tarkibida juda sifatli va yaxshi futbolchilar bor, - dedi Rustam Ashurmatov.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning barcha terma jamoalari va klublari Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan keyin 2022 yilning fevralida xalqaro musobaqalardan chetlatilgan edi.
Rustam Ashurmatov “Rubin” jamoasi safiga 2023 yilning yanvarida qo‘shilgan va yarim mavsum davomida qozonliklarning Premer-ligaga yo‘llanma olishiga yordam bergan. O‘sha yili “Rubin” birinchi liga g‘olibi sifatida yuqori divizionga chiqdi.
Ashurmatov Rossiya Premer-ligasida shu paytga qadar jami 22 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini bir marotaba ishg‘ol ham qilgan.
Tajribali markaziy himoyachimiz Rossiyaga borgunga qadar yurtimizda “Bunyodkor”, “Qo‘qon -1912”, “Navbahor”, Janubiy Koreyada “Gvangju” va “Kanvon” kabi klublar sharafini himoya qilgan.

Rustamjon 2017 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchisi hisoblanadi. Hozirgacha 38 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari o‘z hisobiga bitta gol ham yozdirib qo‘ygan.
Ashurmatovning “Rubin” bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilnng 30 iyuniga qadar davom etadi.
Fikrlar