“Liverpool” yozda sotib yuborgan futbolchisini qaytarolmayapti
Angliyaning amaldagi chempioni “Liverpul” o‘tgan yozda klub tarbiyalanuvchisi Jarell Kuansaning xizmatlarini rad etib, iqtidorli markaziy himoyachini “Bayer”ga 35 million yevro evaziga sotib yuborgan edi.
Joriy mavsum himoya chizig‘ida jiddiy muammoga duch kelgan mersisaydliklar bu transferdan pushaymon va o‘z tarbiyalanuvchisini ortga qaytarishga urinayapti.
Football Insider nashrining xabar berishicha, “Liverpul” 23 yoshli futbolchini qayta sotib olish bandini ishga tushirish niyatida. Tomonlar o‘rtasida og‘zaki kelishuvga erishilgan, ammo Leverkuzenliklar bu transfer faqat 2027 yilda amalga oshirilishini uqtirmoqda.
“Liverpul”ni tark etganidan keyin Jarell Kuansaning ishlari yurishib ketdi. Joriy mavsumda himoyachi barcha musobaqalarda 28 ta o‘yinda qatnashgan markaziy himoyachi mudofaa chizig‘idagi vazifalarini bajarishdan tashqari raqiblar darvozasiga ikkita to‘p kiritishni ham uddaladi.
Transfermarkt portali mutaxassislari angliyalik futbolchi Bundesligaga kelganidan keyin uning narxi ikki baravar oshib, ayni paytda 40 million yevroga chiqqanini qayd etdi.
Fikrlar