Mashhur shaxmatchi Javohir Sindarovni Nomzodlar turnirida favorit deb hisoblaydi

  • 21.12.2025 18:40
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Shaxmat

Amerikalik grossmeyster Xans Nimann Xikaru Nakamurani Nomzodlar turnirida favorit deb hisoblamaydi. Uning fikricha, Sindarov ancha kuchliroq.

Amerikalik shaxmatchi, grossmeyster Xans Nimann (2003 yilda tug‘ilgan, AQSh terma jamoasi a’zosi) Xikaru Nakamuraning Nomzodlar turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etish imkoniyatlarini tanqidiy baholadi. Nimann so‘nggi yillarda shaxmat olamida o‘zining keskin bayonotlari va mustaqil fikrlari bilan tanilgan.

Nimannning fikricha, Nakamuraning kerakli partiyalar sonini to‘plash maqsadida nisbatan kuchsiz, havaskor turnirlarda qatnashishi uning sport formasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

"Agar Xikaru Emil Sutovskiy va FIDE haqida gapirayotgan paytdagi ritorikasiga e’tibor bersak, u juda tajovuzkor va keskin ohangda fikr bildiradi. Ayrim ifodalari professional darajaga to‘g‘ri kelmaydi. Uning ularga bo‘lgan salbiy munosabati hech kimga sir emas. Mening nazarimda, u ularni ma’lum ma’noda masxara qilmoqda", — deydi Nimann.

Uning ta’kidlashicha, bu holat jahon chempionligi kabi jiddiy musobaqalar nufuziga putur etkazishi mumkin.

"Eng muhim jihat shundaki, Xikaru bu turnirlarda o‘ynash orqali, aslida, o‘z darajasini qurbon qilmoqda. Men uning Nomzodlar turnirida yaxshi natija ko‘rsatishiga ishonmayman. Bu — eng yomon tayyorgarlik," — deya qo‘shimcha qildi Nimann.

Grossmeyster Nakamuraning so‘nggi partiyalarida ham muammolar ko‘zga tashlanayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, Xikaru hatto kuchsizroq raqiblarga qarshi ham oson g‘alabalarga erisha olmayapti.

"Agar qandaydir mo‘’jiza yuz bermasa va u qisqa vaqt ichida sport formasini tiklamasa, hozircha uni favorit deb bo‘lmaydi. Men Nakamuradan ko‘ra Sindarovni favorit sifatida ko‘rsatgan bo‘lardim. Reytingi juda yuqori bo‘lsa-da, u ko‘p jihatdan shishirilgan, deb hisoblayman,"— dedi Nimann.

Shuningdek, u Nomzodlar turniridagi boshqa asosiy da’vogarlar sifatida Fabiano Karuana va Praggnanandxaa nomlarini ham tilga oldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!