Mo‘minjonov ortidan jabr ko‘rayotgan «Surxon»
Nihoyat, Surxondaryoga ham katta futbol nafasi kirib keldi. O‘FAning qo‘shimcha imtiyozlari tufayli surxondaryoliklar «Surxon» jamoasining Superligadagi debyutini ko‘rishga muvaffaq bo‘lishmoqda. Oxirgi marta 2004 yili sobiq oliy liga chempionatida qatnashgan jamoa oradagi shuncha yil davomida jarlikka qulagandek taassurot qoldirgan holda deyarli «Surxon» nomini esdan chiqarayozgandik. Oxirgi bir-ikki yil ichida Termizda yana «Surxon» jamoasining mavqeini oshirish borasida harakatlar boshlanganligi haqida eshitgandik. Ammo ularning say’i-harakati hali Superligaga chiqish darajasigacha etmayotgandi. Buy il esa O‘FA «Surxon» bilan «Dinamo»ni qo‘shgan holda Superligada ishtirokchilar sonini 14 taga etkazib, shu tariqa Surxondaryo xalqi uchun katta futbol eshigi ochildi.
«Surxon» klubi futbolimiz atrofidagi voqealar uchun alohida mavzu bo‘la oladi. Ular Superligada qatnashishlarini oldindan bilishganidek, harakatlarini shunga monand ancha oldin boshlashdi. Rahbariyat esa avvalo jamoaga munosib bosh murabbiyni tayinlashdan ishni boshladi. Bu lavozimga esa Ilhom Mo‘minjonov tanlandi. Uning «Navbahor»da ko‘rsatgan ishlari termizliklarni o‘ziga rom qilgan ko‘rinadi, natijada u bilan hamkorlik qilishga kelishdilar. Shu tariqa, Mo‘minjonovning «Surxon»dagi hayoti boshlandi. Ammo uning kelishi keyinchalik jamoa uchun qanchalik muammolarni keltirib chiqarishini hech kim xayoliga ham keltirmagandi. Aniqrog‘i, Ilhom Mo‘minjonovning Namanganda olib borgan ishlaridan vaqti kelib endi «Surxon» aziyat chekmoqda. Hammasi «Aziz Turg‘unboev ishi»dan boshlandi. «Navbahor»da Mo‘minjonov qo‘l ostida o‘ynab o‘zining yangi qirralarini ko‘rsatgan futbolchi omma e’tiboriga tez ko‘zga tashlandi. Natijada unga xaridorlar ko‘paydi. Ularning orasida «Paxtakor» futbolchiga jiddiy qiziqdi. Buning natijasida Ilhom Mo‘minjonov Azizni o‘zining sobiq ishlagan klubiga olib borgan. Balki buning ortidan qandaydir mablag‘ ishlab olishni ham ko‘zda tutgan bo‘lishi mumkin, yana kim biladi deysiz?
Xullas, shundan keyin hammasi chalkashib ketdi. Bu yoqda «Navbahor» Turg‘unboev uchun oxirigacha kurashdi. Shunday qilib, Aziz ikkala klub bilan ikki tomonlama shartnoma tuzgach, vaziyat izdan chiqib ketdi. O‘FAning aralashuvidan keyin esa hammasiga oydinlik kiritildi va Ilhom Mo‘minjonovni bir yilga futboldan chetlashtirish haqida qaror chiqarildi. Bu paytga kelib murabbiy «Surxon»dagi ishlarini yo‘lga qo‘yib olgandi va birin-ketin ko‘zga ko‘ringan futbolchilarni yangi jamoasiga chaqirayotgandi. Albatta, bosh murabbiyning mavsum oxirigacha chetlashtirilgani «Surxon»ning rejalarini butkul o‘zgartirib yubordi. Shundan so‘ng uning o‘rniga kimdir tayinlanishi kerak edi. Natijada Mo‘minjonov bilan Termizda ish boshlagan Anvar Solievni bosh murabbiy etib tayinlashdi. Ammo boshidayoq bu qaror qanchalik to‘g‘riligi borasida o‘rinli savollar yuzaga chiqdi. Avvalo unda bosh murabbiylik qilish uchun tegili litsenziya bormi? Qolaversa, Anvar Soliev hali bunga qadar murabbiylik ishi bilan shug‘ullanmagandi. «Navbahor»da esa u boshqa lavozimda faoliyat ko‘rsatgandi. Xullas, Soliev varainti o‘zini oqlamasligini tushunib etgan rahbariyat darhol yana o‘zgarishga qo‘l urdi va endi Superligada murabbiylik qilish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan Andrey Miklyaevni jalb qilishdi. Shu bilan vaziyatga biroz echim topilgandek bo‘ldi. Lekin bu paytga kelib tarkib deyarli tuzib bo‘lingandi. Miklyaev esa klubga oxirgilardan bo‘lib kelgandi. Shuning uchun tarkibni bosh murabbiy o‘z rejalari bo‘yicha tuzmadi. U qo‘l ostidagi mavjud futbolchilarning xizmatidan foydalanishga majbur edi. Ma’lumki, har bir mutaxassisning futbolga bo‘lgan o‘z qarashlari bo‘ladi. Shunday ekan, Milkyaevniki bilan Mo‘minjovning futbolga qarashlari bir xil emas. Tarkibdagi aksariyat o‘yinchilar Ilhom Mo‘minjonovning taklifiga ko‘ra «Surxon»ga kelishgandi. Shu bois bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, bir yilga futboldan chetlashtirilgach, mutaxassis baribir «Surxon»ni norasmiy ravishda boshqarib kelayotgan ekan. Yaqinda Dilshod Jabborov bilan suhbatda unga Ilhom Mo‘minjonov «Surxon»ni norasmiy ravishda boshqaryaptimi deganimizda yo‘q degan javobni aytgan bo‘lsa-da, baribir u Toshkentdan Termizga shuncha yo‘l bosib o‘yinni shunchaki ko‘rib ketish uchun bormasa kerak. Ochig‘i, Mo‘minjonovning jamoani norasmiy ravishda boshqarishin ham kutgandik. Negaki, Mo‘minjonov chetlatilgach, baribir u olib kelgan futbolchilar «Surxon»ni tashlab ketishmadi va jamoada qolishdi.
Demak, bu ham bejizga shunday bo‘lmagandir axir. Ammo doim ham oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Bu hali hammasi emas ekan. Ilhom Mo‘minjonovning «Navbahor»da o‘tkazgan ayrim o‘yinlari shubha ostiga olingan bo‘lib, yaqinda barchasi omma e’tiboriga ma’lum qilingan holda O‘FA tomonidan uni kelishilgan o‘yinlarni tashkil etishda aybdor deb topib yana to‘rt yil muddatga futboldan chetlashtirildi va hammasi bo‘lib besh yil futbolga yaqinlasha olmaydi. Qolaversa, u 50 million so‘m miqdorida jarimaga ham tortildi. Bu ham etmaganidek, «Surxon» jamoasining sardori Dilshod Jabborov va texnik direktori Sherzod Sharipov ham bunday o‘yinlarga aloqadorligi aniqlanib bir yilga futboldan chetlashtirildi. Demak, bundan yana «Surxon» jamoasi jabr chekmoqda. Mo‘minjonovning chetlatilgani etmaganidek, endi jamoa etakchisi Dilshod Jabborovdan ham «ayrilib» qolishdi. Ko‘rib turganingizdek, negadir «Surxon»ning 15 yillik tanaffusdan keyin Superligaga chiqarilgani o‘zi uchun qimmatga tushayotgandek. Chunki bitta muammo ketidan navbatdagisi bo‘y ko‘rsatib turibdi. Bu albatta jamoaning o‘ziga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Mo‘minjonov olib kelgan futbolchilar birinchi davradan keyin «Surxon»dan ketishmaydi deb endi kim kafolat beradi? Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, u holda termizliklarning muammolari yanada kengayib boradi. Buning ustiga yaqinda Surxondaryo viloyati hokimi ham ishdan bo‘shadi. Yangi hokimning rejalari ham boshqacha bo‘lishi ham mumkin.
Shu tariqa, «Surxon» bilan Mo‘minjonovning o‘zaro hamkorligi batamom tugatildi. Albatta, bo‘lib o‘tgan ishlar jamoaga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Qolaversa, murabbiy olib kelgan o‘yinchilarga ikkilanish paydo bo‘lmaganiga kim kafolat beradi? Buning ustiga endilikda Miklyaev jamoani mustaqil ravshida boshqarishga tayyormi? Ilgari «Lokomotiv»da ham rasman bosh murabbiy edi-yu, ammo amalda... Rejalari o‘zgarib borayotgan «Surxon» bunday vaziyadan qanday chiqib ketishini vaqt ko‘rsatadi. Albatta, uzoq yillik tanaffusdan keyin Superligaga «olib chiqilgan» termizliklarning o‘zlari ishtirok etmagan «o‘yinlar»da muammolarga duch kelishayotgani achinarli.
Fikrlar