Nodirbek Abdusattorov Keymerni mag‘lub etdi va "Tata Steel Chess"da yetakchilikni mustahkamladi
"Tata Steel Chess" turnirining navbatdagi turida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Vinsent Keymer ustidan muhim va ishonchli g‘alabaga erishdi. Ushbu natijadan so‘ng Nodirbek 7 turdan keyin 5,5 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida yetakchilikni mustahkamladi.
Qiziqarli jihati shundaki, Nodirbek 2023 yilda ham aynan 7 turdan keyin 5,5 ochko to‘plagan edi. Bu natija uning "Tata Steel Chess" turnirida barqaror va yuqori saviyada o‘ynayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Partiyadan so‘ng bergan intervyusida grossmeyster o‘yindan juda mamnun ekanini ta’kidladi:
"Bu turnirdagi hozirgacha eng yaxshi o‘yinim bo‘ldi. Kuchli yurishlarni topa oldim va raqibni doimiy bosim ostida ushlab turdim. U durang qilishi mumkin edi, ammo g‘alaba uchun tavakkal qildi"
Nodirbekning aytishicha, e5 yurishi raqib uchun kutilmagan bo‘lgan va aynan shu lahzadan keyin Keymer yaxshi qarshilik ko‘rsata olmagan. O‘yin davomida bir nechta murakkab va noaniq variantlar yuzaga kelgan bo‘lsa-da, qora tomon vaziyatni nazorat ostida saqlab qolgan.
Shuningdek, turnir davomida tayyorgarlik va dam olish rejasi haqida ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u partiya boshlanishidan taxminan ikki soat oldin tayyorgarlikni to‘xtatib, dam olishga harakat qiladi.
"Bu rejim hozirgacha yaxshi samara bermoqda. Dam olish kuni Amsterdamga borishni rejalashtiryapman — biroz chalg‘ish ham muhim"
8-tur bahslari ertaga 18:15’da boshlanadi
Fikrlar