Oliy liga-2016. Mavsumning eng qariya to‘purarlari TOP-7
Oliy liga-2016 yakunlariga oid maqolalar turkumini davom ettiramiz. Bu safar yakunlangan mavsumda eng ko‘p gol urgan qariya futbolchilar ettiligi haqida to‘xtalib o‘tamiz. Reytingga 32 va undan yuqori yoshdagi futbolchilar kiritilgan.
7. Muydin Mamazulunov
Yoshi: 32
Jamoasi: "Olmaliq"/"Navbahor"
Natijasi: 25 o‘yin - 6 gol
Bir necha yillardan buyon Oliy ligada sermahsul o‘yin namoyish etib kelayotgan Mamazulunov ushbu mavsumda ikki jamoa tarkibida umumiy hisobda 6 ta gol urdi. U "Olmaliq" ishqibozlarini 2 marta, "Navbahor" muxlislarini esa 4 bora quvontirishga muvaffaq bo‘lgan.
6. Nosir Otaqo‘ziev
Yoshi: 32
Jamoasi: "Qo‘qon-1912"
Natijasi: 26 o‘yin - 7 gol
Bir paytlar Oliy liga to‘purari bo‘lgan Otaqo‘ziev ushbu mavsumda "Qo‘qon-1912" jamoasi sharafini himoya qildi. 32 yoshli hujumchi raqiblar posbonlarini 7 marta ranjitib, jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
5. Server Jeparov
Yoshi: 32
Jamoasi: "Lokomotiv"
Natijasi: 23 o‘yin - 7 gol
Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Jeparov mavsumni chempion sifatida yakunladi. U "Loko"ning birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishiga 7 ta goli bilan o‘z ulushini qo‘shdi.
4. Igor Taran
Yoshi: 32
Jamoasi: "Sho‘rtan"
Natijasi: 29 o‘yin - 9 gol
Oliy liga to‘purari bo‘lgan yana bir futbolchi bu Tarandir. Igor 32 yoshida "Sho‘rtan" raqiblariga 9 ta gol "sovg‘a" qildi va hali beri jamoadagi etakchilikni hech kimga bermoqchi emasligini isbotladi.
3. Ilhom Yunusov
Yoshi: 34
Jamoasi: "Qizilqum"
Natijasi: 30 o‘yin - 10 gol
Oliy liganing penaltichi futbolchisi Yunusovdir. "Qizilqum" yarim himoyachisi mavsumdagi 10 ta golining 8 tasini 11 metrlik jarima to‘plaridan kiritgan. 34 yoshli futbolchining bu natijasiga Ibragimovichdan boshqa har qanday futbolchi xavas qilsa arziydi.
2. Nemanya Yovanovich
Yoshi: 32
Jamoasi: "Andijon"/"Qizilqum"
Natijasi: 29 o‘yin - 13 gol
Mavsumning eng sermahsul legioneri bo‘lgan Yovanovichning yoshi 32 da. Serbiyalik hujumchi "Andijon" libosida 5 ta, "Qizilqum" tarkibida 8 ta golni o‘z nomiga yozidrib qo‘ygan.
1. Zohid Abdullaev
Yoshi: 32
Jamoasi: "Metallurg"
Natijasi: 28 o‘yin - 18 gol
Abdullaev 32 yoshida Oliy liganing eng sermahsul ikkinchi to‘purari bo‘lganligi diqqatga sazovor natijadir. Zohid "Metallurg" uchun 28 uchrashuvda 18 ta gol kiritgan.
Furqat Yusupov tayyorladi

Fikrlar