Shomurodov Italiyada qaysi jamoalarga nechta gol urgan?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng zo‘r to‘purar – Eldor Shomurodov Evropaning eng kuchli besh chempionati qatorida zikr etiladigan Italiya A Seriyada to‘rtinchi mavsumini o‘tkazmoqda.

Eng qizig‘i, bu muddat ichida legionerimiz to‘rtta klub – “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari”   sharafini himoya qilib ulgurdi.

8e40b4b4cec4dd92b33a2fdcabcc84fa65ecd79cd0163551944065

Muhimi, Eldor hujumchi sifatida bu jamoalarning barchasi uchun va o‘zi ishtirok etgan musobaqalarning hammasida gol urganidir.

Sports.uz portali 28 yoshli futbolchimizning Italiya chempionati doirasida qaysi jamoalar darvozasiga to‘p kiritgani haqidagi ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.

Shomurodov “Jenoa”da o‘tkazgan A Seriyadagi dastlabki mavsumida 31 ta uchrashuvda o‘z hisobiga jami sakkizta gol yozdirib qo‘ygan. Hamyurtimiz kuchli beshlik ligalaridagi debyut golini “Parma” darvozasiga urgan. Keyingi o‘yinlarda “Sassuolo”, “Verona”, “Spetsiya”, “Latsio”, “Atalanta” va “Kalyari” darvozabonlari Shomurodovning zarbasidan so‘ng o‘z darvozasi to‘ridan to‘p olib chiqqan.

Eldor samarali mavsumdan keyin “Roma”ga ko‘chib o‘tdi. Biroq Joze Mourino qo‘l ostida o‘yini qovushmadi. To‘g‘rirog‘i, portugaliyalik mutaxassis o‘zbek hujumchisiga etarli darajada imkon va o‘yin amaliyoti bermadi. Bu statistikada o‘z aksini topdi. Asosan, bir necha daqiqaga zaxiradan tushirilgan Shomurodov poytaxtliklar safida 28 ta uchrashuvda 3 ta gol urdi. O‘sha mavsum “Venetsiya” darvozasini har ikki bahsda ishg‘ol qilgan bo‘lsa, yana bitta goli “Sampdoriya”ga qarshi bahsda kiritildi.  

Keyingi mavsum umuman o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan legionerimiz qishda “Spetsiya”ga ijaraga berildi va chempionatni shu jamoada yakunladi. Biroq, bu erda ham natija ko‘ngildagidek bo‘lmadi. A Seriya doirasida 15 ta uchrashuv va bitta gol. U ham bo‘lsa, “Salernitana”ning mashhur darvozaboni Gilermo Ochoa darvozasiga kiritildi.

Eldor 2023-2024 yilgi mavsumni ijara asosida “Kalyari”da boshlagan edi. Uzoq vaqt yuqori sport formasini tiklashga uringan hamyurtimiz endi o‘yini qovusha boshlaganida og‘ir jarohat olib, uch oyga safdan chiqdi.

Yaqinda maydonga qaytgan hujumchi eng muhim va eng murakkab pallada “Kalyari”ga katta yordam berishga kirishdi. Oradan qariyb bir yil o‘tganida Shomurodov yana “Salernitana” jamoasi darvoziga yo‘l topdi. Bu gal legionerimiz ikkita to‘p kiritib, jamoasining muhim g‘alabasini ta’minladi. Demak, joriy mavsumda Eldor 13 marotaba maydonga tushib, ikkita gol muallifiga aylandi.

Shomurodov A Seriyadagi faoliyati davomida ikkita dubl qayd etgan. Shulardan birinchisi “Jenoa” safida “Atalanta”ga qarshi bahsda kuzatilgan. Statistikaga e’tibor qaratsak, “Salernitana” Eldorning gol urish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rgan jamoasiga aylanib qoldi. Bu jamoa darvozasini qo‘riqlayotgan Meksika terma jamoasi posboni Gilermo Ochoa o‘zbek hujumchisining zarbalaridan keyin uchta to‘p o‘tkazib yuborgan.

“Atalanta” va “Venetsiya”ga qarshi bahslarda hujumchimiz o‘z hisobiga ikkitadan to‘p yozdirib qo‘ydi. Yana bir qiziq tomoni shundaki, Eldor Shomurodov A Seriya o‘yinlarida o‘zi o‘ynagan jamoalardan “Spetsiya” va “Kalyari”ga ham raqib sifatida gol urishni uddalagan.

Qolaversa, yanvar oyida “Salernitana” Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy kurashgan edi. Biroq Klaudio Raneri o‘zbek forvardini qo‘yib yuborishdan bosh tortgani ma’lum qilindi.

VS__1576-shomu-scaled-e1710006230510

Eldor Shomurodov Italiya A Seriyasida hozirgacha 93 ta bellashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 14 ta gol va sakkizta assist yozdirib qo‘ydi.

Ana xolos: Shomurodov 342 kun kutgan ish 7 daqiqada hal bo‘ldi!

Ikkita gol urgan Shomurodov haqida Evropada nimalar deyishyapti?

Umarali Rahmonaliev Angliyada o‘ynashni ko‘zlayapti

O‘zbek futbolchisining o‘yini angliyaliklarga juda yoqdi

Ular orasida to‘rt nafar o‘zbek futbolchisi bor...

O‘rinboev Angliyaga qanday borib qoldi?

Legionerimiz Angliyada o‘yin o‘tkazadi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Azam Nazarov
11/03/2024 19:53
Ҳамиша олға бос, жигарим.
Azam Nazarov
11/03/2024 19:53
Ҳамиша олға бос, жигарим.
Ishoq Ruziev
11/03/2024 19:47
Shomurodov va o'zbek futbolchilarining eng sevimli darvozaboni meksikalik darvozabon b6ladi