
Umarali Rahmonaliev Angliyada o‘ynashni ko‘zlayapti
Keyingi yillarda o‘zbek futbolidan bir necha iqtidorli ijrochilar etishib chiqishi yaxshi an’anaga aylandi. Ayniqsa, o‘tgan yili 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida tashkil etilgan Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan, keyinroq qit’a chempioni sifatida Argentinadagi jahon chempionatida yuqori saviyali o‘yin ko‘rsatgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasidan bir necha o‘yinchilar Evropaning kuchli ligalarida o‘ynashni ko‘zlamoqda.
Xususan, Abudqodir Husanov Frantsiyani zabt eta boshlagan bo‘lsa, o‘sha terma jamoaning yana ikki etakchisi – Abbosbek Fayzullaev va Umarali Rahmonaliev Evropa ligalariga Rossiya orqali yo‘l ochish variantini tanladi.
Rossiyaning “BIZNES Online” nashri Umarali Rahmonaliev bilan katta intervyu uyushtirib, uning faoliyati bilan muxlislarni yaqindan tanishtirdi.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga ushbu intervyuning eng qiziqarli qismini taqdim etadi.
— Umarali, Qozon hariga kelganingizga bir yil bo‘ldi, lekin hamon klub bazasida yashayapsiz. Nega?
— Menda har ikki oyda bir terma jamoada o‘yinlarim bor edi, doimiy tarzda safar qilishimga to‘g‘ri keldi, shu bois ijaraga uy olishni istamagandim. Bazada qulaylik bor, tartib-intisom va rejimga amalga qilish osonroq. Mashg‘ulotlardan keyin trenajyor zalida shug‘ullanib, tiklanib olishim mumkin. Bo‘ydoqman va bazada yashasam ham bo‘laveradi. Ota-onam hali Qozonga kelishgani yo‘q, singlimni o‘qishi bor, lekin yaqinda mehmonga kelishadi.
— Ota-onangiz nima bilan shug‘ullanishadi?
— Otamning o‘z biznesi bor, onam dars beradi. Namangan yashashadi. Men ularni ko‘p marotaba Toshkentga ko‘chib o‘tishga chaqirgan edim, lekin hech ko‘nishmadi. Bizning o‘z hovlimiz bor. U kam ham bor, yaqinda oltiga to‘ldi. Ukam ko‘chada to‘p tepadi. Har doim futbolkalar va to‘plar olib kelishimni so‘raydi. Agar futbolga qiziqishi so‘nmasa, yordam beramiz.
— Siz futbolni qanday boshlagan edingiz?
— Men ham mahallada boshlaganman. Keyin maktabdagi sektsiyada uch yil shug‘ullandim, undan keyin bizni sport maktabiga ko‘rikka chaqirishdi. Otam futbolchi bo‘lishni orzu qilgan, lekin faqat mahallada o‘ynagan xolos. Hatto yoshi katta bo‘lib ham mahallaga chiqib futbol o‘ynardi. Onam “Qaerga ketyapsiz, yoshingizga qarang?”, derdi.
— “Bunyodkor” sizlarni qachon olib ketgan?
— 15 yoshimizda. Toshkentda turnir tashkil qilishdi va meni ko‘rikka chaqirishdi. Kelsak, yuzlab bolalar bor ekan. “Bunyodkor” to-klub va hamma uning akademiyasiga kirishni istaydi. Kiyim almashtirish xonasida o‘tirsak, murabbiy kirib Umid Sultonovni (hozir “Bunyodkor”da o‘ynayapti) ko‘rsatdi. Bitta uni olishar ekan. Bi bir jamoadan uch kishi edik. Biz sekin chiqish eshigiga yo‘l oldik. Murabbiy ortimizdan chaqirdi va faqat ikki kishini olishini aytdi. Biz buni o‘z murabbiymizga aytdik. U kishi “Yo uchalangni oladi, yoki hech kimni, bo‘lmasa, boshqa akademiyaga – “Paxtakor”ga olib boraman”, - dedi. Natijada bizni olib qolishdi.
— Birinchi murabbiylaringizdan biri sizni jismoniy ko‘rsatkichlaringiz tufayli kuchsiz bola, deb olishni istashmaganini aytgan edi.
— Aksincha, ko‘pchilik mening jismoniy kuchim ko‘rinishimga nisbatan ko‘p ekanidan hayratga tushardi, tengqurlarim mendan baland edi.
— Siz o‘ynaganda, formangizni Ngolo Kantenikiga o‘xshab to‘g‘rilaysiz. Nega?
— Bu men uchun — ritual. Birinchidan, formani tartiblab olish sening intizomingdan dalolat beradi, o‘zingni nazorat qilasan. Kantega o‘xshab deganingizga u mening hayotda va futboldagi kumirim. Kamtarin inson, o‘zini hech qachon jamoadan ustun qo‘ymaydi.
— Demak, siz yoqtirgan chempionat Angliya Premer-ligasi, jamoa esa, “Chelsi” ekanda?
— Ha men Angliya Premer-ligasini yaxshi ko‘raman. Maqsadim o‘sha erda o‘ynash, ertami-kechmi Premer-ligaga borish. Lekin menga “Manchester Yunayted” yoqadi.
— Nimasi bilan?
— Bolaligimdan shunday, chunki Krishtianu Ronaldudan hayratga tushardim. Yana “Real” va “Milan” ham yoqadi. Ayniqsa, Ronaldino, Bekxem, Gattuzo o‘ynagan “Milan” yoqardi. Gattuzo – qirol! Hozir unga o‘xshab o‘ynasa, darrov maydondan haydashadi!
— “Manchester Yunayted”dagi eng yoqtirgan futbolchingiz kim?
— Ronaldu. Menda uning futbolkasi bor edi!
Fikrlar