
"Bunyodkor" kuchsizlandimi? "Har kim turlicha gapiradi, lekin biz tanlagan yo‘limizdan qaytmaymiz" - Shuhrat Maqsudov
O‘zbek futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Toshkentning “Bunyodkor” klubi hamma vaqt o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha ajralib kelgan. O‘tgan yili chempionatda bu jamoaning qanday intrigani keltirib chiqarganini barchamiz ko‘rdik. Yangi mavsumda ham garchi yo‘qotishlar bo‘lishiga qaramay, klub o‘z yo‘lidan qaytmoqchi emas.
Turkiyadagi yig‘in haqida
“Qaldirg‘ochlar” reja bo‘yicha Turkiyadagi yig‘inini davom ettirmoqda. U erda nazorat uchrashuvlari ham tashkil qilinyapti. Jamoa ustozi Shuhrat Maqsudov avvalo mazkur xorij yig‘iniga to‘xtaldi.
- Avvalambor, ushbu yig‘inni tashkil qilib berishda amaliy yordam ko‘rsatgan “O‘zbekneftgaz” rahbari Mehriddin Razzoqovich Abdullaevga minnatdorchilik bildiraman. Hech kimga sir emaski, qaytadan shakllanayotgan va 70-80 foizga yoshargan tarkibimiz bilan mashg‘ulotlarni boshladik. O‘ylaymanki, qilayotgan ishlarimiz klub siyosatiga ko‘ra, akademiyamiz tarbiyalanuvlariga katta e’tibor qaratishga bel bog‘laganmiz. Turkiyada kuniga ikki mahaldan mashg‘ulot o‘tkazyapmiz. Yoshlarimizni o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshiryapmiz. Mashg‘ulotlarda va mashg‘ulotlardan tashqarida ham suhbatlar qilyapmiz. O‘rtoqlik o‘yinlarida ham imkoniyat beryapmiz. O‘ylaymanki, bularni barchasi faqat foyda keltiradi. Albatta, bunga vaqt kerak bo‘ladi. Mashg‘ulotlarda ham, o‘yinlarda ham futbolchilarning ko‘zi yonib turgani bilinyapti. G‘alabaga chanqoq, iqtidorli yigitlar. Men qo‘l ostimdagi barcha o‘yinchilarga ishonaman. Yaqin kelajakda terma jamoalarimiz uchun nomzodlar etishib chiqishiga ham ishonaman. Bundan tashqari, akademiyamizda yana boshqa o‘sib kelayotgan yoshlarimiz ham klubda olib borayotgan ishimizni ko‘rishyapti. Tayyor futbolchilarni sotib olmasdan, klub tarbiyalanuvchilariga e’tibor qaratayotganimizni, murabbiylar tomonidan ishonch bildirilayotganini ko‘rib, ularda ham shunga o‘sish va intilish bo‘ladi deb umid qilaman. Xudo xohlasa, biz to‘g‘ri yo‘lda ketyapmiz. Faqat buning uchun biroz vaqt talab qilinadi.
“Bunyodkor”ning selektsiyasi yana davom etadimi?
Xabaringiz bor, qishki selektsiya chog‘ida klubni bir qancha etakchi o‘yinchilar tark etdi. Ayni chog‘da esa “Bunyodkor” tarkibi bir muncha yoshargan. Shu sababli bu jamoa biroz kuchsizlanib qoldi, deya fikr bildirayotganlar ham yo‘q emas. Xo‘sh, klub yana selektsiya ishlarini davom ettiryaptimi? Bu borada Maqsudov shunday javob qaytardi:
- To‘g‘ri, har kim turlicha gapiradi. Bu oddiy hol. Lekin biz to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizni bilamiz. Tanlagan yo‘limizdan qaytmaymiz. Yana takrorlayman: ko‘proq o‘zimizdagi akademiyamiz tarbiyalanuvchilariga tayanamiz. Lekin selektsiya ishlari davom etyapti. Turkiyada ham izlanishlar olib boryapmiz. Hozirda rahbariyat bilan 2-3 ta yangi futbolchi masalasida gaplashyapmiz.
Qur’a to‘g‘risida
Yaqinda O‘zbekiston Superligasining yangi mavsumi uchun qur’a tashlandi. “Bunyodkor” ilk turda “So‘g‘diyona”ga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldi. Shu sababli “Qaldirg‘ochlar” bosh murabbiyidan shu xususida ham munosabat bildirishini so‘radik.
- Qur’aga kelsak, chempionatni kimga qarshi boshlashning farqi yo‘q. Qaerda va kim bilan o‘ynaymiz? Baribir barcha klub bilan maydonda to‘qnash kelamiz. Har bir raqibni hurmat qilgan holda maydonga chiroyli o‘yin va g‘alaba uchun tushamiz.
Yangi mavsumdan nimani kutyapti?
Umuman olganda, yangi mavsum boshlanishiga ham oz fursat qolyapti. Jamoalarning tayyorgarligi avjida. Shuhrat Maqsudov boshchiligidagi “Bunyodkor”ni ham o‘ziga yarasha maqsadi bor. Muhimi, chempionatdagi kurash juda keskin tus olishi kutilyapti. Bu fikrga murabbiyning javobi shunday bo‘ldi:
- O‘zbekiston chempionatida oldingi mavsumda ham intriga kuchli ko‘rinish oldi. Oxirgi turdagina ikkinchi va uchinchi o‘rin egalari ma’lum bo‘ldi. Bu ham chempionat qiziqarli o‘tganini ko‘rsatib turibdi. Bu yil ham bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Menimcha, har bir uchrashuvda o‘ziga yarasha intriga bo‘ladi.
Qaysi klubning selektsiyasi ajablantirdi?
Kuzatib borayotganingizdek, klublar selektsiyada faol ishlashyapti. O‘ziga yarasha e’tiborni tortadigan transferlar amalga oshirilyapti. “Bunyodkor” ustozi esa bunga quyidagicha munosabat bildirdi.
- Selektsiya bo‘yicha qaysi jamoa ajablantirdi? Menimcha, bunga men javob berishim ham shart emas. Chunki O‘zbekistonda hamma qaysi klubda qanaqa selektsiya bo‘lganini bilib turibdi. Faqat shuni aytishim mumkinki, chempionatdagi har bir o‘yin jiddiy kurashlar ostida kechadi.
Fikrlar