"Futbolga endi kirib kelganim yo‘q, "Lokomotiv" nafaqat O‘zbekistonda, balki Osiyoda ham o‘z o‘rniga ega" - Dilshod Jo‘raev

  • 5 iyul, 2024, 10:37
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Markaziy yarim himoya va tayanch nuqtasida to‘p suradigan ajoyib futbolchi Dilshod Jo‘raev ikkinchi davrani “Lokomotiv” klubida boshlaydigan bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, u oxirgi marta o‘tgan yilning ikkinchi yarmida “Buxoro” safida to‘p surdi. Bu yil esa birinchi davrada biror jamoada ko‘rinish bermadi. Jo‘raev “Lokomotiv” a’zosiga aylangach, Sports.uz muxbiri undan intervyu oldi.

Tecno

- Dilshodbek, sizni "Lokomotiv" klubiga o‘tganingiz bilan qutlayman. Bu taklif qachon va kim tomonidan bo‘ldi? Qanday qabul qildingiz?

- “Lokomotiv” rahbariyatidan To‘labek aka va Sanjar Tursunov tomonidan taklif bo‘ldi. “Lokomotiv” nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda o‘z o‘rniga ega klub bo‘lgani uchun shu variantni ma’qul ko‘rdim.

- "Buxoro"dan ketgach, bu yil birinchi davrada hech bir jamoada ko‘rinish bermadingiz. Nima uchun bunday bo‘ldi?

- “Buxoro”dan ketganimdan keyin biroz muddat dam oldim. Shu vaqt ichida xorijda to‘p surish istagim yuqori edi. Xudoga tavakkal qilib harakat qilib ko‘rdik. Oxirigacha kutdim. 3-4 ta mamlakat jamoalari bilan muzokaralar olib borildi. Nasib qilmagan ekan, amalga oshmadi.

- Yarim mavsum o‘yin amaliyotisiz qolib ketganingiz sport formangizga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi? Bu vaqt davomida qanday qilib formani ushlab turdingiz?

- Sport formamga keladigan bo‘lsak, ta’sir qilmaydi, deb o‘ylayman. Chunki futbolga endi kirib kelganim yo‘q. To‘plagan tajribamiz o‘zimizga etarli. Katta uchrashuvlarda ham o‘ynaganmiz. O‘ynamagan o‘yinimiz qolmagan. O‘tgan vaqt davomida “Paxtakor” yoshlar jamoasi bilan shug‘ullanib turdim. Shu munosabat bilan “Paxtakor” U19 jamoasi murabbiyi Bobur Abdurahmonov do‘stimga rahmat aytib qolaman.

- Aynan nima uchun "Lokomotiv"? Sizda boshqa variantlar ham bormidi?

-  Yana boshqa variantlar ham bor edi. “Lokomotiv”ni tanlashimni asosiy sababi, bu jamoa har doim o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadi. Aytib o‘tganimdek, yurtimizda va Osiyoda o‘z o‘rni bor. Bundan tashqari, “Lokomotiv”ni tanlashimda futbol uslubi va murabbiyning roli katta deb o‘ylayman.

- Aytib o‘tganingizdek, legionerga aylanish niyatingiz ham yo‘q emasdi. Aynan qaerlardan takliflar bo‘lgandi?

- Rossiya va Turkiya birinchi ligalaridan, qolaversa, Malayziya, Tailand, Bangladesh klublari bilan muzokaralar bo‘ldi. Lekin ma’qul variant bo‘lmaganligi uchun oxirigacha kutishga qaror qilgandim. Birinchi davra asosan muzokaralar bilan o‘tib ketdi. Xullas, biror-bir klub nasib qilmadi.

- "Lokomotiv" bosh murabbiyi Krestinin bilan gaplashdingizmi? U sizga nimalarni aytdi va jamoaning birinchi davradagi ishtirokiga fikringiz qanday?

- Albatta, murabbiy bilan gaplashdim. Ikkinchi davrada mendan umidi kattaligini, ishonch bildirishini alohida aytdi. Xudo xohlasa, menga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman. Ikkinchi davrada “Lokomotiv” bilan yuqoriroq o‘rinlarga ko‘tarilish uchun bor kuch hamda imkoniyatimizni ishga solamiz. Jamoaning birinchi davradagi ishtiroki bo‘yicha biror nima deya olmayman. Chunki men birinchi davrada “Lokomotiv”da emasdim. Shu bois biror nima deyishim noto‘g‘ri. Ammo turnir jadvali shuni ko‘rsatib turibdiki, “Lokomotiv” o‘z o‘rnida emas. Demak, birinchi davra jamoa uchun omadsiz o‘tdi, deb o‘ylayman. Ikkinchi davrada shuni to‘g‘rilashga harakat qilamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!