
Ana holos: Azizbek Turg‘unboev "Navbahor"da qolganini aytdi
Yarim himoyachi Azizbek Turg‘unboevni «Paxtakor» jamoasi bilan rasman kelishuvga erishgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Vaholanki Turg‘unboevning "Navbahor" bilan amaldagi shartnomasi 2020 yilgacha mo‘ljallangan. Quyida shu masala yuzasidan olingan ietervyuni e’tiboringizga havola etamiz:
- Bugun ko‘plab saytlarda sizning «Paxtakor» bilan kelishuvga erishganingiz haqida xabarlar tarqalib ketdi. Bu qanchalik haqiqat?
- To‘g‘ri, «Paxtakor» jamoasi bilan muzokaralar bo‘lmagan deya olmayman. Ular bilan shartnomalar masalasida gaplashganmiz. Ammo, mening yakuniy qarorim «Navbahor»da qolib, chempionlik marrasini zabt etish. Mana shunday sharoitlarni yaratib berayotgan rahbarlar uchun, muxlislar uchun jamoada qolishga qaror qildim.
- «Navbahor» jamoasi rahbariyati jamoada qolishingiz uchun sizga taklif qilgan shartnomaga imzo chekishga majbur bo‘lganingiz rostmi?
- Yo‘q, (kuladi) bunday narsa bo‘lmagan. Odamlar bunaqa gaplarni qaerdan topishadi hayronman. Men har doim o‘z xohishim bilan shartnomaga imzo chekkanman. Bunga hech qanday shubha bo‘lishini mumkin emas.
- Yuqorida «Paxtakor» bilan kelishuv to‘g‘risida aytdingiz. Yakuniy qaroringiz esa «Navbahor»da qolish ekan kelajakda «Paxtakor» bilan hech qanday muammo bo‘lmaydimi?
- Bu masalada muammolar bo‘lmaydi deb o‘ylayman. «Navbahor» PFK rahbariyati masalani hal qilishini aytdi. Fursatdan foydalanib, «Paxtakor» jamoasi rahbariyati meni tushunadi deb umid qilaman. Menga e’tibor qilib jamoalariga taklif qilganlarida xursandman va rahmat aytaman. Ammo, mening yuragim «Navbahor»da. Namanganda futbolning ashaddiy, fidoiy muxlislari juda ko‘p. Jamoamizning shunday fidoiy muxlislari uchun, ularning hurmati uchun, men yana «Navbahor»da qolaman. Ularning menga bo‘lgan ishonchlari uchun, qo‘llab-quvvatlab turganliklari uchun barchalariga rahmat deyman.
Farhod Umaraliev suhbatlashdi.
Manba "Navbahor" telegram kanali
Fikrlar