
Gvardiola Husanov bo‘yicha qarorini aytdi
“Manchester Siti” Angliya Premer-ligasining ikkinchi turida o‘z maydonida “Tottenxem”dan 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin Xosep Gvardiola tanqidlar ostida qolib ketdi.
Gap shundaki, ispaniyalik mutaxassis himoyachilar uchun tanlagan taktika kutilgan samarani bermadi. Aksincha, raqib futbolchilari ikkita golni ham orqa chiziq o‘yinchilarining xatolaridan keyin urdi.
Nihoyat, Xosep Gvardiola o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tanqidlarga munosabat bildirdi. 53 yoshli mutaxassis o‘zi yangi mavsum uchun tanlagan g‘oyasidan voz kechmasligini, qarorlarida qat’iy turishini bildirdi.
- Yuqori chiziqli himoya usulidan voz kechmayman. Anchadan beri menga mana shu usulni qo‘llab, shiddatli o‘yin ko‘rsatish yoqadi. Ayrim vaziyatlarda, xususan, “Tottenxem” bilan bo‘lgan o‘yindagidek, omadsizliklar ham uchrab turadi.
Birinchi gol urilgan vaziyatda hammasini bir necha santimetr hal qildi, xolos. Biz shunday o‘ynashda davom etamiz.
Tabiiyki, vaziyatdan klib chiqib, moslashishga harakat qilamiz. Men ta’sirga tushib qoladigan odam emasman. Maqsadimiz o‘zgarmaydi – har doimgidek agressiv himoyalanamiz, - dedi Xosep Gvardiola o‘ziga bo‘layotgan tanqidlarga javoban.
Ta’kidlash joizki, o‘yinni tahlil qilayotgan ekspertlar “Manchester Siti” himoyachilariga “Tottenxem”ning o‘tkir hujumlarini qaytarishda tezlik etishmaganini, bu uchrashuvda Abduqodir Husanovni o‘ynatish kerakligi haqida o‘z xulosalarini bildirdi.
Jamoa muxlislari ham jamoaga shiddatli o‘yini va tezkorligi bilan ajralib turadigan o‘zbekistonlik legioneri etishmaganini e’tirof etmoqda.
Xosep Gvardioda jurnalistlar bilan uchrashuvda markaziy himoyachilar borasidagi vaziyat va ular uchun joriy mavsumga mo‘ljallangan asosiy talablarni ham aytib o‘tdi.
- Albatta, jamoa uchun himoya markazida Ruben Diash va Jon Stounz tandemining bo‘lishi juda muhim. Ularning har ikkisi ham jamoa o‘yinini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega o‘yinchilar hisoblanadi.
Lekin biz faqat ularga qarab, to‘xtab qolmaymiz. Bizda markaziy himoyada yaxshi o‘ynay oladigan Yoshko Gvardiol, Manuel Akanji, Natan Ake va yosh iste’dod egasi Abduqodir Husanov ham bor. Ularning bari klub uchun bir xil darajada muhim futbolchilardir.
Men ularning har biriga ishonaman va ularning safimizda ekani biz uchun juda katta imkoniyatlarni ochadi.
Mavsum boshidayoq menda faqat birgina istak bor va u ham bo‘lsa, jamoam salomatligi. Jarohatlar bo‘lishi tabiiy, lekin ular o‘tgan mavsumdagidek ko‘payib ketmasligi muhim. Men uchun eng asosiysi – futbolchilar maydonga chiqib, raqobatlashishga qodir bo‘lsin, - dedi Xosep Gvardiola.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2025 yilning 20 yanvar kuni Frantsiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tdi. 21 yoshli legionerimiz ayni paytda jamoadagi eng yosh markaziy himoyachi hisoblanadi. Xosep Gvardiola yozgi transferlar davrida o‘zbek futbolchisini boshqa klublarga bermasdan, jamoada olib qolishga qaror qildi.
Fikrlar