
Fayzullaev uzoq tanaffus olishga majbur bo‘ldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yulduzlari – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev o‘ynayotgan “Istanbul Bashakshehir” bugun UEFA Konferentsiyalar ligasining pley-off bosqichi finalida javob o‘yinini o‘tkazadi.
Avvalgi ikki bosqichda Bolgariyaning “Cherno More” va Norvegiyaning “Viking” jamoasini musobaqadan chiqarib yuborgan istanbulliklar pley-offning oxirgi bosqichida Ruminiyaning “Universitetya Krayova” klubiga ro‘baro‘ keldi.
Istanbuldagi dastlabki uchrashuvda Chag‘dash Atan shogirdlari kutilmaganda raqibga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Endi umumiy guruhga qaysi jamoa chiqishi “Universitetya Krayova” jamoasi mezbonlik qiladigan javob uchrashuvida aniqlanadi.
Chag‘dash Atan o‘yindan oldin o‘z-fikr mulohazalarini bildirib, Abbosbek Fayzullaev haqida alohida to‘xtaldi.
O‘yin haqida
Birinchi uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan afsusdamiz. Biz rahbariyat va muxlislar ishonchini oqlay olmadik. Ilk bahsda o‘tkazib yuborgan ikki golimiz bo‘sh o‘yinimiz oqibatidir. Biz to‘pni nazorat qilgan bo‘lsak-da, bundan samara chiqara olmadik. Javob uchrashuvi murakkab bo‘ladi va biz g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga o‘tmoqchimiz.
Fayzullaev haqida
Abbosbek Fayzullaev uzoq muddat tanaffus qilishga majbur bo‘ldi. Uning transferi va birinchi rasmiy uchrashuvi orasida ancha vaqt o‘tib ketdi.
Biz Abbosning yuqori sport formasiga chiqishini kutyapmiz. Tez orada futbolchining jismoniy tayyorgarligi yuz foizga etadi. Sekin-asta o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib, sport formasini to‘liq tiklab oladi.
Men futbolchilarimga yuz foiz ishonaman. Ularning hammasi o‘yinga tayyor.
Muhit haqida
Biz Turkiyada muxlislar bosimi ostida o‘ynashga ko‘nikib qolganmiz. “Viking” bilan oxirgi uchrashuvimizda ham muhit shunaqa edi. Turkiyaning “Galatasaroy”, “Fenerbahche”, “Beshiktosh” va “Trabzonspor” klublari uy uchrashuvlari doim to‘lib-toshgan muxlislar bilan o‘tadi.
Biz finallarda doim yaxshi o‘ynaydigan jamoalar qatoriga kiramiz. Oldindagi to‘qnashuv ham biz uchun finalga teng o‘yin bo‘lishi shubhasiz.
Evrokuboklar haqida
Konferentsiyalar ligasining umumiy guruh bosqichiga chiqish biz uchun ham, ruminiyaliklar uchun ham juda muhim ahamiyatga ega. Jamoamiz Evropada o‘ynashga ko‘nikib qolgan. Qisqa istiqboldagi rejalarimizga guruh bahslarida o‘ynash vazifasi kiritilgan. Buning uchun javob o‘yinida muvaffaqiyat qozonishimiz shart.
Bu erga turk xalqiga faxr-iftixor baxshiyda etgani keldik. Masalaning moliyaviy tomonlari bizni bezovta qilmaydi. Liganing asosiy turniriga chiqishimizga bir qadam qoldi. Biz ana shu qadamni tashlaymiz.
Ta’kidlash joizki, bo‘lajak uchrashuvda Eldor Shomurodov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda. Abbosbek Fayzullaev esa, zaxiradan o‘yinga qo‘shilib jamoaga yordam beradi.
Turk futboli manbalari Ruminiyadagi uchrashuvni quyidagi tarkib boshlashini taxmin qilmoqda:
“Bashakshehir”:
Darvozabon:
Volkan Babajan;
Himoyachilar:
Onur Bulut, Usseynu Ba, Jerom Opoku, Kristofer Operi;
Yarim himoyachilar:
Berat O‘zdemir, Deniz Tyuruch, Migel Krespo, Olive Kemen;
Hujumchilar:
Eldor Shomurodov, Nuno da Koshta.
“Universitetya Krayova” va “Istanbul Bashakshehir” o‘rtasidagi javob o‘yini 28 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:30 da boshlanadi.
Fikrlar