12 yil avval xuddi shu sanada yoxud "Qizilqum" - "Andijon" uchrashuvi oldidan

  • 15 iyun, 2024, 01:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Bugun Qarshidagi “Markaziy” stadionda “Andijon” jamoasi Superliganing 11-turida “Qizilqum”ga qarshi maydonga tushadi.

Ayni paytda Jamshid Saidov ustozligidagi "Qizilqum" hisobida 10 ta turdan so‘ng 10 ochko to‘plab, 10-o‘rinni egallab turibdi. "Andijon" bo‘lsa, 14 ochko jamg‘arib 6-pog‘onada bormoqda. 8 ta o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayotgan Navoiy jamoasini oldinda jiddiy uchrashuv kutyapti. Negaki, "Andijon" hali bu mavsumda safardagi bahslarda yutqazgani yo‘q. Buning ustiga Aleksandr Xomyakov jamoasi uchun ham g‘alaba zarur. Chunki oxirgi 5 ta turdan beri "Burgutlar" ham yutgani yo‘q. Demak, maydonda shiddatli va keskin o‘yin guvohi bo‘lamiz. 

Ushbu klublarning o‘yinlar tarixiga to‘xtalsak, shu paytgacha chempionatda 38 bor kuch sinashishgan. “Qizilqum”da 18, “Andijon”da esa 14 ta g‘alaba bor. 6 ta uchrashuvda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati 59\49 navoiyliklar foydasiga. Jamoalarning chempionatdagi birinchi to‘qnashuvi 2000 yilda ro‘y bergan. O‘shanda "Qizilqum" maydonidagi uchrashuvda mezbonlar 2:0 hisobida ustun kelgan. 

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilgi mavsumda “Andijon”  Farg‘onadagi uchrashuvda 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. Ikkinchi davradagi bahsda esa navoiyliklar o‘z uyida 3:0 hisobida ustun kelgan.

Qiziq fakt: “Andijon” safarda “Qizilqum”ni bir marta 2012 yilgi chempionatda mag‘lub etgan. O‘shanda "Burgutlar" 1:2 hisobida muvaffaqiyatga erishgan. O‘sha g‘alaba 2012 yilning 15 iyun kuni yuz bergan. 12 yildan so‘ng jamoalar yana 15 iyun kunida to‘qnash keladilar. Umuman aytganda, “Andijon” iyun oyida shu paytgacha “Qizilqum”ga qarshi ikkita marta o‘ynagan va ikkalasida ham g‘olib chiqqan.

Hozir ham iyun oyi va aynan 15-sana. Agar yuqoridagi statistikaga e’tibor qiladigan bo‘lsak, u holda "Andijon" g‘alaba qozonishi kerak, shundaymi? Albatta, bular statistik raqamlar va o‘ziga xos qiziq faktlardir. Barchasi maydonda hal bo‘ladi. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!