
19 yoshli ikki futbolchi halok bo‘ldi
Italiya futboliga oid noxush xabar chiqdi. Sodir bo‘lgan avtohalokatda ikki nafar yosh o‘yinchi qurbon bo‘ldi. Bu haqda Italiyaning Friulioggi.it sayti xabar tarqatdi.
Fojea Pordenone provintsiyasidagi Frizanko va Manyago tumanlarini bog‘lab turuvchi tunnelda ro‘y bergan. Avariya oqibatida “Manyago Vayont” klubi o‘yinchilari Fabio Roza va Danilo Bos voqea joyida vafot etdi.
Manbaga ko‘ra, futbolchilar ketayotgan mashinani ularning do‘sti boshqargan va u og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Avariya ishtirokchisi bo‘lgan boshqa mashina 72 yoshli ayol boshqaruvida bo‘lgani aytilmoqda. U ham zudlik bilan kasalxonaga etkazildi.
“Manyago Vayont” klubi futbolchilarning o‘limini tasdiqlab, ularning oila a’zolariga ta’ziya bildirdi.
Fikrlar