“The-afc.com”: Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi restarti oldidan bizni qiziqtirayotgan 5 ta savol 

  • 14 sentabr, 2020, 20:29
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Ushbu maqolani to‘liq shaklda e’tiboringizga havola etamiz.

4 mart sanasida “Sidney” va “Chonbuk Motors” jamoalari o‘rtasidagi Osiyo Chempionlar Ligasining so‘nggi uchrashuvi bo‘lib o‘tganidan buyon 6 oy o‘tdi. Mana bugun G‘arb mintaqasida guruh bosqichi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Qatar qit’aning klublar miqyosidagi eng kuchli turnirini o‘zida qabul qilmoqda.

Markazlashgan turnirda format va boshqa jihatdan turfalik ko‘zga tashlanadi. E’tiboringizni ushbu mini turnir boshlanishi avvalidan muhim 5 savolga qaratamiz.

1. Qatar klublari o‘z uyida o‘ynayotgani uchun ustunlikka ega bo‘ladimi?

Qatarning Osiyo Chempionlar Ligasidagi ikki vakili “Al-Duxayl” va “Al-Sadd” o‘z uylarida o‘yin o‘tkazishlari bilan kichik ustunlikka ega bo‘ladi. Tanish muhitda, o‘zi o‘ynashga o‘rganib qolgan stadionda futbolchilar ham yaxshiroq harakat qilishi aniq.

Har ikkala jamoa o‘tgan yillar mobaynida bosh sovrin uchun jiddiy kurash olib bordi. “Al-Sadd” 2018 va 2019 yillarda yarim finalgacha etib borgan bo‘lsa, “Al-Duxayl” 2 yil avval 9 ta o‘yinlik g‘alabali seriya qayd etib, barchani hayron qoldirdi. 

“Al-Sadd” yarim himoyasi Santi Kasorla bilan yanada qo‘rqinchli tus oldi. 

“Al-Duxayl” Manjukichni boy bergan bo‘lishi mumkin. Ammo Almuoz Ali, Edmilson Junior va Dudu kabi futbolchilar uning o‘rnini bildirmasligi aniq. 

Muxlislarni maydonga kiritish bo‘yicha hech qanday yangilik yo‘q. Ammo stadion atrofida ular yaratib beradigan muhitning o‘ziyoq katta ruhiy madad bo‘lishi tayin.

1_1

2. Zaiflashgan “Persepolis”dan nima kutishimiz mumkin?

Eron gigantlari milliy chempionatdagi ketma-ket to‘rtinchi g‘alabasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, aslida bu katta gatija emas. Ularning salohiyati shu holida ham forslar birinchiligining istalgan jamoasidan kuchli. 2017 yil yarim final va 2018 yilda finalda o‘ynagan jamoa o‘tgan mavsum guruh bosqichidan ham chiqa olmadi. 

Bu yilgi mavsum ham “Al-Duxayl”ga uchralgan mag‘lubiyat va “Sharja”ga qarshi bahsdagi durang bilan boshlandi. Birinchi raqamli posbon Alireza Bayranvandning Belgiyaga yo‘l olishi va Ali Alipurning Portugaliyaga transferi deyarli hal bo‘lganini inobatga olsak, ushbu klubdan ulkan natijalar kutmasak ham bo‘laveradi. 

Alipur “Persepolis”ning ketma-ket 3 mavsumdagi to‘purariga aylanib kelayotgandi. Ushbu mavsum OChLda eronliklar kiritgan yagona gol ham aynan 24 yoshli futbolchiga tegishli edi. 

Jamoa sardori Jalol Husayniyning 38 yoshga kirgani haqida esa gapirib o‘tirishning hojati yo‘q.

2_1

3. “Paxtakor” o‘z ustunligidan foydalanishga ulgurdimi?

Toshkentliklar guruh bosqichining dastlabki 2 ta o‘yinini o‘z maydonida, 20 mingdan ziyod muxlislar qarshisida o‘tkazib oldi. Bugun ular 100 foizlik natija bilan B guruhida “Al-Hilol”ga sherik bo‘lib turibdi. 

O‘zbekiston chempionlari uchun uy o‘yinlari omadliroq hisoblanadi. O‘tgan mavsum to‘plangan 8 ochkoning 7 tasi Toshkentda qo‘lga kiritilgan. 

Endi Shota Arveladze shogirdlari markazlashgan holda o‘tadigan uchrashuvlarda mehmondagi o‘yinlarini o‘tkazadi. Bu ularga o‘ziga xos ustunlik berishi mumkin. 

So‘nggi yillarda mahalliy futbolchilar va bir nechta legionerlar yordami bilan gruziyalik mutaxassis yaxshi jamoa shakllantirib oldi. Bugun ushbu klub OChLning amaldagi chempionlari sinovidan o‘tadi. 

3

4. BAA va Iroq klublarida o‘yin amaliyotining kamligi qanchalik salbiy natijaga olib keladi?

Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston, Eron va Qatarda mavsum davom ettirildi va ayrimlarida yangi mavsum ham boshlandi. Ammo yuqoridagi ikki mamlakat 2019/2020 yilgi mavsumni pandemiya bilan bog‘liq vaziyat sabab bekor qildi va haligacha yangi mavsum ham boshlangani yo‘q. 

Amirliklarning “Al-Ayn”, “Shabab Al-Ahli” va “Sharja” klublari va Iroqning “Al-Shorta”si martdan buyon rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushmadi. 

Ushbu 4 jamoa birgalikda 2 ochkogina to‘plagan, xolos. Aksiga olib, to‘rttala klub ham o‘z chempionatida kuch to‘plagan kuchli jamoalarga qarshi bahs olib boradi. 

Demak, ushbu jamoalarga ikki barobar qiyin bo‘lishi aniq.

4

5. “Al-Hilol”ning kuchsiz tarafi bormi?

“Al-Hilol”ni to‘xtatib bo‘lmayapti. Saudiya Pro-ligasida 8 ta o‘yinning 7 tasida g‘alaba qozongan riyodliklar “Al-Nasr”dan chempionlikni tortib oldi. 

Amaldagi Saudiya va OChL chempionlari B guruhida 2 ta turdan so‘ng 6 ochko to‘plashga erishdi va bunda Gomisning 3 ta goli asosiy rolni o‘ynadi. 

3 haftagina dam olgan “Al-Hilol” restartdagi ilk uchrashuvni guruhdagi asosiy raqobatchi “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazadi. Yana 4 ochko ularni keyingi bosqichga chiqishi uchun etarli bo‘ladi va 17 sentyabrdayoq biz ushbu voqeaning guvohiga aylanishimiz mumkin. 

Roppa-rosa 1 yil avval shu kunda “Al-Ittihod” chorak finalda taslim etilgandi. 

Ba’zi futbolchilarida koronavirus testlari musbat natija berganiga qaramay, Razvan Luchesku shogirdlari hamon musobaqa favoriti sifatida ko‘rilmoqda va bosh murabbiy tarkibda hech qaysi pozitsiyada muammo yo‘qligini aytib o‘tdi. 

5

The-afc.com saytidan Abdulvosid Valixonov tarjimasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
SHAXBOZ BEKMURODOV
14/09/2020 20:55
Al Xilol 3:0 Paxtakor