
243 ta gol urgan Mbappe o‘rniga besh hujumchi!
Klian Mbappe PSJni tark etishi oydinlashib bormoqda. Parijliklar tez fursatda 25 yoshli forvard o‘rnini bosa oladigan hujumchi topishi kerak.
Mbappe poytaxt klubidagi faoliyati davomida 290 ta uchrashuvda 243 ta gol urib, PSJ tarixidagi eng zo‘r to‘purarga aylangan.
Ekspertlar yaqin kelajakda Mbappening o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan besh nafar iste’dodli to‘purarlar ro‘yxatini tuzdi.
Jonatan Devid (“Lill”)
Kanadalik hujumchi Frantsiya chempionatiga yaxshi moslashgan. Ayni paytda “Lill” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Jonatan Devid ligada 132 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 60 marotaba ishg‘ol qilgan.
Loi Openda (“RB Leyptsig”)
“Lans”dagi yorqin o‘yinlari tufayli “Leyptsig” jamoasiga taklif etilgan 23 yoshli hujumchi Bundesligada ham to‘purarlik mahoratini namoyish qilmoqda. O‘tgan mavsum “Lans” uchun 21 ta gol urgan belgiyalik forvard “Leyptsig”da jami 30 ta bellashuvda 19 ta to‘p kiritdi.
Aleksandr Isaak (“Nyukasl”)
Isaak ancha murakkab bo‘lgan Angliya Premer-ligasda gol urishni uddalamoqda. Shved hujumchisi “qarg‘alar” safida 27 ta uchrashuvda raqiblari darvoo‘asini 20 marotaba ishg‘ol qildi.
Markus Reshford (“Manchester Yunayted”)
“Pari Sen-Jermen” xo‘jayini Nasser Al-Xelaifiy angliyalik hujumchining o‘yinlaridan hayratda ekanini ma’lum qilgan. Markusning o‘zi ham faoliyatida pasayish kuzatilayotgani bois muhitni o‘zgartirishi mumkin.
Lautaro Martines (“Inter”, Milan)
Argentinalik hujumchining o‘yini ochilib ketdi. Joriy mavsumda A Seriyaning 21 ta uchrashuvida jami 20 ta to‘p kiritdi. 26 yoshli forvard milanliklar safida umumiy hisobida 268 ta o‘yinda qatnashib, o‘z gollari sonini 125 taga etkazib olgan.
Fikrlar