4 milliarddan ortiq insonning sevimli sport turiga aylangan kriket O‘zbekistonda ham rivojlantirilmoqda

  • 11 mart, 2023, 15:46
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
BEPUL PROPAN

Ommaviyligi jihatdan futboldan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi va bugungi kunga kelib jahonning 4 milliarddan ortiq aholisining sevimli sport turiga aylangan kriket mamlakatimizda ommalashmoqda.

O‘zbekiston kriket federatsiyasi 2019 yilda tashkil etilgan. Faoliyatiga hali uncha ko‘p bo‘lmagan kriket federatsiyasi tomonidan hozirgacha 6 ta 13 yoshgacha, 4 ta 19 yoshgacha, 4 ta kattalardan iborat hamda 1 ta xotin-qizlar jamoalari tashkil etilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda istiqomat qilib, turli sohalarda mehnat qilayotgan chet ellik mutaxassislardan iborat 2 ta jamoa ham shakllangan. Mamlakatimizning Toshkent shahri, Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm singari viloyatlarida ham jamoalar mavjud. O‘tgan davr mobaynida yig‘ilgan jamoalar o‘rtasida kriket bo‘yicha musobaqalar rejaga ko‘ra o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari O‘KF tomonidan ayni paytda kriket bo‘yicha erkaklar va ayollardan iborat terma jamolar shakllantirilib, 2023 yilning 23 sentyabr - 8 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkaziladigan yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikni boshlab yuborishgan.

Yana bir quvonarli jihat, o‘tgan yilning 26 iyul kuni Buyuk Britaniyaning Birmingem shahrida Xalqaro Kriket Kengashi (ICC)ning navbatdagi kongressi bo‘lib o‘tdi. Mazkur kongressda kriket bo‘yicha bajarilayotgan ishlar sarhisob qilindi. Kongress reglamentiga muvofiq, kriket rivojlanayotgan mamlakatlarning ICC ga a’zolik masalalari ham muhokama qilindi. Ushbu kongressda O‘zbekiston kriket federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokamaga qo‘yildi va bir ovozdan xalqaro kriket kengashining a’zoligiga 106- davlat sifatida qabul qilindi.

Shundan so‘ng O‘KF ning rivojlanishi yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, O‘zbekiston Kriket federatsiyasi kriket bo‘yicha ikki bosqichli murabbiylarni (Level-1 Criket Coaching ) tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan hamkorlikda 2022 yilning oktyabr-noyabr oylarida viloyatlarda jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, sport maktablari murabbiylarini jalb qilgan holda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazishdi.
Ushbu ikki bosqichli o‘quv-seminar ishtirokchilariga Xalqaro kriket kengashi (ICC) tomonidan yuborilgan pokistonlik kriket bo‘yicha oliy toifali trener Tohir Muhammad ustozlik qildi.

Joriy yilning 10 mart kunidan Halqaro kriket kengashi (ICC) tomonidan O‘zbekistonda Level-I halqaro kriket murabbiyligiga o‘qitish kursining ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda. Mazkur o‘quv-kursini oliy toifali instruktor, ICC ning Osiyo mamlakatlarida kriket sport turini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, janob Iqbol Skander (BAA) olib bormoqda. Seminar ishtirochilari uch kunlik o‘quv-mashg‘ulotlarni yakunlagach, ICC vakiliga imtihon topshirishadi va imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilar Xalqaro Kriket Kengashining birinchi bosqichli xalqaro kriket murrabbiysi sertifikatiga ega bo‘lishadi. Muhim jihati, birinchi bosqich xalqaro kriket murabbiylik sertifikatini qo‘lga kiritgan trenerlar nafaqat mamlakatimizda balki xorijiy davlatlarda ham kriket bo‘yicha trener bo‘lib ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. O‘quv- seminar 13 martga qadar davom etadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!