
56 yillik qoida bekor qilindi! UEFA evrokuboklar taqdirini o‘zgartirib yuboradi!
SPORTS.uz mehmondagi gol qoidasi bekor qilinganiga o‘z munosabatini bildiradi.
Mehmondagi gol nechanchi yil o‘ylab topilgan?
Bu qoida kuchga kirganiga yarim asrdan oshdi. Penaltilar seriyasidan avvalroq o‘ylab topilgan qoida pley-offlarda 65 yil davomida kuchda bo‘ldi. Bunga qadar, g‘olib aniqlanmagan o‘yinlarda uchrashuv qaytadan o‘tkazilgan. Buning uchun musobaqa tashkilotchilari zudlik bilan neytral maydon topishi va 3-o‘yinni tashkil qilishi shart edi. O‘z uyida 5:0 enggan jamoa mehmonda 1:0 natijasi bilan mag‘lubiyatga uchrasa ham 3-uchrashuv o‘tkazilishi adolatdan emas.
Reglamentda "mehmondagi gol" qoidasi paydo bo‘lishi bilan tanqidchilar "dod-voy"ni boshlab yubordi. "Mantiqsiz", "g‘aliz" va boshqa so‘zlar bilan o‘zgarishni qabul qilishni istamaganlar ko‘p. Ko‘p o‘tmay, reja ish berishni boshlagach, hamma jim bo‘lib qoldi. Muxlislar esa pley-off reglamentidagi yangi qoida sababli futbolni yanada jozibali sportga aylanganini e’tirof etdi.
Nega endi?
2021/22 yilgi mavsumdan boshlab bu qoida o‘z kuchini yo‘qotadi. EChL, EL va KL "mehmonda urilgan gol"dan voz kechadi. Endi raqib maydonida nechta gol kiritishning ahamiyati yo‘q. Hozircha, UEFA tashkil etgan musobaqalarda shunday.
Keling, so‘nggi yillarda pley-offda "mehmondagi gol"dan jabr chekkan jamoalarga e’tibor qaratamiz. PSJ va "Bavariya" to‘qnashuvi chorak finalda umuman boshqacha ko‘rinish olishi va "Yuventus" "Portu"ga engilmasligi mumkin edi.
Tan olish lozim, qo‘shimcha taymlarda gol kiritgan mehmonlarning ustunlikni qo‘liga kiritishi adolatdan emas. UEFA islohotlarni avvalo shu qoidani bekor qilishdan boshlagani yakunda samarani berdi. Aleksandr Cheferin Superliga "balosidan" qutilgach, tezroq klublar uchun qulayliklar yaratishga shoshilmoqda.
Xorij nashrlarida yozilishicha, UEFA bir nechta faktorlar sababli reglamentga o‘zgarish kiritdi. U mehmonda to‘p tepuvchi klublarning ochiq futboldan cho‘chimasligini asosiy maqsad qilib olgan. Shu tariqa, o‘yinlarda keskinlik oshadi. Aleksandrning qarori bugungi futbolni ancha jozibali bo‘lishiga olib kelishi turgan gap.
Siyosiy qaror ortida nima yashirin?
Aslida, bundan ancha avval pley-off o‘yinlarini "mehmondagi gol"dan "qutqarish" borasida takliflar yangragan. Ayniqsa, "Arsenal"ning sobiq ustozi - Arsen Venger bir necha yillar davomida o‘z fikrini bot-bot e’lon qildi. Mutaxassis "eskilik sarqiti" deb atagan qonun faqat bugunga kelib kuchini yo‘qotdi.
Uning fikrlarini yaqin 10 yil ichida Joze Mourino, Diego Simeone, Karlo Anchelotti, Tomas Tuxel va boshqa hamkasblari qo‘llab-quvvatlagan. Cheferin ularning "oh"ini eshitgan chog‘i, yangi mavsumni yaxshi yangilik bilan boshladi. UEFA rahbari bu qarorni o‘rinli izohladi.
1970 yildan beri o‘tkazilgan UEFA musobaqalarining pley-off o‘yinlari o‘rganib chiqildi. Yarim asr avval maydon egalari uchrashuvlarning 61 foizida g‘alaba qozongan, faqat 19 foiz klublar mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rgan. Bugunga kelib, bu ko‘rsatkich 47/30 foizni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, mehmonda/uyda urilgan gollar soni ham kamaygan. 1970 yilga qadar o‘rtacha har bir o‘yinda 2,2/0,95 ta gol urilgan, bugungi kunda 1,58/1,15! Agar kiritilgan 1,15 golni ikkiga ko‘paytirsak, mehmonlar urgan gollar mezbonlar urgan gollar sonidan ortib ketadi. Bu esa, futbolda balans yo‘qolganidan dalolat. Cheferin o‘z qarorini statistik ma’lumotlar bilan izohlab berdi.
Bu yaxshimi yoki yomon?
UEFAning qarorlari hech qachon barchaga birdek manzur kelmagan. Muxlislarning aksariyati futbol syujeti o‘zgarib ketishdan ranjidi. 1965 yilda ham qonunni ahmoqlar o‘ylab topgani haqida maqolalar e’lon qilingan. Inson psixologiyasida o‘zgarishlarni yomon qabul qilish bor. Aslida, bu qoida futbolga yangi nafas olib kiradi. Endi maydonda matematik bilimlarni ishga solish shart emas. Ko‘proq gol urgan jamoa g‘alaba qozonishini his qilib oldinga boradi. Gol o‘tkazib yuborishdan qo‘rquv yo‘qoladi.
Tanqidchilar "Roma"ning "Barselona"ni 1:4 dan so‘ng 3:0 enggani, "Tottenxem"ning Amsterdamdagi g‘alabasi bergan adrenalin boshqa qaytib kelmasligini tinmay takrorlamoqda. To‘g‘ri, bu ajoyib voqealar, lekin endi yangi davr boshlandi. Jamoalar yanada erkinroq harakat qilishi va maydonda toza futbol ko‘rishimiz mumkin.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, qonun o‘zini oqlashi yoki oqlamasligi haqida fikr bildirishga erta. Kamida bir mavsum sinovdan o‘tkazilsin. Keyin xulosalar bilan o‘rtoqlashish mumkin. Futbol olami uchun yangi eshiklar ochilmoqda. Ko‘ramiz, xona ichida bizni nimalar kutib turgan ekan?!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar