
Afsonaviy Janluiji Buffonning o‘nta eng yaxshi seyvi
“Parma” – “Milan” – 0:0
1995 yil. 19 noyabr. Italiya chempionati.
Yosh Buffon “Parma” darvozasida o‘zining ajoyib debyut o‘yinini ko‘rsatdi. 18 yoshli darvozabonni hech qachon mag‘lub bo‘lmaydigan “Milan”ga qarshi o‘yinda maydonga kiritish Nevio Skaladan katta tavakkalchilikni talab qilardi. Roberto Badjo, Vea va Boban debyutanatga qarshi keskin hujumga o‘tishdi. Chetdan qaraganda o‘rtada qandaydir shaxsiy xusumat bordek tuyulardi. Ammo Buffon pinagini ham buzmasdi hatto. Buffonning o‘sha kungi betakror o‘yini natijasida bitta ham gol o‘tkazib yuborilmadi.
Italiya – Paragvay – 3:1
1998 yil 22 aprel. O‘rtoqlik uchrashuvi
Hali juda yosh bo‘lishiga qaramay, Buffon “Parma”ning tajribali darvozaboni Luka Bichchini o‘z o‘rnini bo‘shatib berishga “majbur qildi”. O‘n to‘qqiz yoshida Italiya terma jamoasida debyut o‘yinini namoyish qildi. Bu 1997 yil oktyabrda Moskvada ro‘y bergan edi. JCh-98ga yo‘llanma olish uchun borayotgan bahsda Janluka Palyuka qattiq jarohat oladi. Qahramonimiz favqulodda tez maydonga chiqishiga to‘g‘ri keladi. Buffon “Skuadra Adzurra” da afsonaviy Palyuk, Perutstsi va Toldoning soyasida uzoq vaqt qolib ketgan edi. Shunga qaramay, bir necha o‘rtoqlik uchrashuvlarida mo‘jizalar ko‘rsatishga ulgurgan edi. Balki o‘sha paytda vaqti kelib, dunyoning eng yaxshi darvozaboni bo‘lishi uning etti uxlab tushiga ham kirmagandir. Shunday mo‘jizalardan biri Paragvay bilan bo‘lgan to‘qnashuvda yuz berdi.
"Real" – "Yuventus" – 2:1
6 may. 2003 yil. Chempionlar ligasi. Yarim final.
Buffon "Parma"daligidayoq butun Evropaga dong taratishga ulgurgan edi. Butun dunyo miqyosidagi mashhurlikka esa u "Yuventus”da erishdi. To‘g‘ri, uning Turinda o‘tkazgan birinchi mavsumi unchalik ham "o‘xshamadi". Ammo keyinroq unda sezilarli o‘zgarishlar kuzatila boshlandi. 2002-2003 yilgi Chempionlar ligasida Buffon eng yaxshi darvozabon sifatida e’tirof etildi. Zidanning jarima burchagidan bergan ajoyib zarbasiga qarshi qo‘llanilgan qoyilmaqom seyvdan so‘ng boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.
"Yuventus"-"Milan"-0:0
28 may 2003 yil. Chempionlar ligasi.
Buffon liganing asosiy qahramoni sifatida ko‘zga tashlanadi. "Milan" hujumchisining bosh bilan bergan ajoyib zarbasini "Yuventus" golkiperi ustamonlik bilan qaytara oldi. Buffonning mahorati "zebralar"ning penaltilar seriyasiga chiqishiga yo‘l ochdi. Ammo bu gal omad Andrey Shevchenko va uning jamoasiga kulib boqdi.
Italiya-Frantsiya-1:1
9 iyul 2006 yil. Jahon chempionati. Final.
Tarix Buffonning butun karerasidagi eng ajoyib seyvga guvoh bo‘ldi. JCh-2006 doirasida atigi ikkita golni o‘tqazib yubordi: jamoaviy bahslardagi amerikaliklar bilan bo‘lgan to‘qnashuvda Dzakkardoning avtogoli va finalda Zidanning o‘n bir metrdan urgan zarbasi oldida Janluiji ojizlik qildi. Navbatdagi gol jamoa uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Birinchi ekstra-taymning so‘nggi daqiqalarida Frantsiya terma jamoasi vakilining darvozaga yo‘naltirgan zarbasini Buffon o‘z vaqtida ushlab qola oldi. Penaltilar seriyasida o‘zining yana bir mo‘jizasi bilan barchani hayron qoldirdi. Bu muvaffaqiyat unga oltin medal va JChning eng yaxshi darvozaboni nomini sovg‘a qildi.
"Yuventus"- "Bolonya"-3:1
12 may 2007 yil. Italiya chempionati.
Afsuski, afsonaviy g‘alaba o‘z ortidan mag‘lubiyatni ergashtirib keldi. Munozarali masalalardan keyin o‘yinchilar Turinni tark etishlariga to‘g‘ri keldi. Ammo Buffon boshqacha yo‘l tutdi. "Oq-qoralar" dan ketmasligini ta’kidlab, unga avvalgi nufuzini qaytarishga va’da berdi. Va’dasining ustidan chiqish uchun unga bitta mavsum kifoya qildi. "Bolonya" bilan bo‘lgan to‘qnashuvda esa chempionat finalidagidan ham ko‘proq ter to‘kishga to‘g‘ri keldi.
"Chezena"- "Yuventus"- 2:2
14 fevral 2015 yil. Italiya chempionati.
Mavsum davomida "Yuventus" A seriyaga qaytdi, bir necha yil o‘tar-o‘tmas Italiya futbolida gegemonlikni qayta o‘ziniki qilib oldi. 2012 yildan beri "zebralar" ketma-ket oltita skudettoda g‘olib bo‘ldi. Bu super seriyalar yulduzi sifatida ham Buffon ko‘rsatilardi. Ba’zida eng jo‘n o‘yinlarda ham ancha-muncha ter to‘kishga to‘g‘ri kelardi.
"Real"-"Yuventus"-1:1
13 may 2015 yil. Chempionlar Ligasi. Yarim final. Javob bahsi.
Yangilangan "Yuventus" o‘zining ilk sensatsiyasini 2015 yil bahorida amalga oshirdi. Turinliklar EChL final bosqichigacha borishdi, yo‘l-yo‘lakay Berlinda "Real" bilan to‘qnashib, g‘alabalari sonini ko‘paytirdi. Tan olish kerakki, bu gal ham g‘alabani ta’minlagan eng asosiy omil- Buffonning mahorati bo‘ldi. "Santyago Bernabeu" dagi javob bahsida penaltilan o‘tkazib yuborilgan yagona golni hisobga olmaganda, hammasi doimgidek qoyilmaqom tarzda o‘tdi.
Italiya-Ispaniya-2:0
27 iyun 2016 yil. Evropa Chempionati. Nimchorak final.
Buffondan keyin ham ko‘plab iste’dod egalari etishib chiqdi, ammo u hali-hanuzgacha Italiya terma jamoasidagi "Birinchi raqamli darvozabon" nomini hech kimga boy bermay kelardi. O‘tgan yozda Buffon bu e’tiroflar shunchaki qilingan xizmatlar evaziga "xushomad" emasligini isbotladi. Evro-2016 doirasida faqatgina ikkita golni o‘tkazib yubordi. Nimchorak finalda Ispaniyaning adabini berishdi, biroq chorak finalda penaltilar seriyasida nemislarga "yo‘l bo‘shatish"ga to‘g‘ri keldi. Buffon Germaniya bilan to‘qnashuvda Mario Gomes zarbasiga qarshi ajoyib seyvni amalga oshirdi.
"Yuventus"-"Barselona"- 3:0
11 aprel 2017 yil. Chempionlar ligasi. Chorak final. Dastlabki o‘yin.
Bu mavsumda jamoa o‘zining navbatdagi mo‘jizasini ko‘rsatdi. "Keksa sinora " 180 daqiqa davomida Messi va uning jamoasi uchun hech qanday imkon qoldirmadi. Birinchi bahsdayoq turinliklar 3:0 hisob bilan o‘z g‘alabalarini kafolatlab qo‘yishdi. Gol mualliflari Dibala va Kellinidan tashqari Buffon ham o‘yinni o‘z jamoasi foydasiga hal qilishda jonbozlik ko‘rsatdi. Mana buning amaliy isboti sifatida Inestaning zarbasidan so‘ng qo‘llanilgan seyv.
Saodat Abdurahmonova tayyorladi
Fikrlar