
FIFA rasmiy sahifasi: Og‘riqli mag‘lubiyatlarga uchragan terma jamoa uchun tarixiy fursat etib keldi
FIFA rasmiy sahifasi O‘zbekiston BAA bilan durang o‘ynab, Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganidan so‘ng tarixiy natijaga o‘z munosabatini bildirdi:
Server Jeparov, Odil Ahmedov, Ignatiy Nesterov, Maksim Shatskix va yana bir qator o‘zbek futbolining buyuk namoyandalarining hammasi ham maqsadga eta olmadi. Ular qatorida mamlakat futbolining eng kuchli o‘yinchilaridan biri sanalgan mehnatkash Timur Kapadze ham bor edi.
Biroq aynan shu buyuklar safiga kiradigan Kapadze murabbiy sifatida ular bajara olmagan ishni amalga oshirdi: u O‘zbekistonni Jahon chempionatiga olib chiqdi. Milliy jamoa safida 119-marotaba maydonga tushganidan o‘n yil o‘tib, 43 yoshli Kapadze terma jamoa murabbiyi sifatida tarixga kirdi. O‘zbekistonni jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
O‘tmishda Germaniya–2006 va Braziliya–2014 JCh saralash bosqichlarining hal qiluvchi pallalarida bir necha bor og‘riqli mag‘lubiyatlarga uchragan mamlakat uchun, nihoyat, tarixiy fursat etib keldi.
Rasmiy natijalarga ko‘ra, bu burilish nuqtasi Abu-Dabida o‘tkazilgan biroz tushkun ruhdagi 0:0 hisobidagi durang orqali yuz berdi. Hech kim tarix qanday qilib yaratilganiga emas, balki natijaning o‘ziga ahamiyat qaratadi.
Bu jamoa nafaqat O‘zbekiston futbol tarixidagi ilk Jahon chempionatiga yo‘l olgan jamoa, balki Markaziy Osiyodan ham birinchi bo‘lib shunday yutuqqa erishgani bilan ahamiyatlidir.
Bu yurtda futbolga bir asrdan ziyod vaqt avval asos solingan bo‘lsa-da, faqat maydonda emas, balki maydon tashqarisida ham musibatlar ko‘p bo‘lgan. 1979 yili bu mamlakat tarixidagi eng iste’dodli avlodlardan birining asosiy qismi samolyotdp halok bo‘ldi — "Paxtakor" jamoasini olib ketayotgan samolyot zamonaviy Ukraina osmonida boshqa havo layneri bilan to‘qnashdi.
Shundan so‘ng, klub ham, milliy chempionat ham qayta tiklandi. Mamlakat bo‘ylab zamonaviy yoshlar akademiyalari barpo etildi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoalari xalqaro musobaqalarda o‘zini ko‘rsata boshladi — so‘nggi 15 yil ichida ikki marta U-17 Jahon chempionati chorak finaliga chiqqan, so‘nggi U-20 Jahon chempionatida esa 1/8 finalgacha etib borgan. Olimpiya terma jamoasi esa o‘tgan yili Parij Olimpiadasida ishtirok etdi.
Bu umumiy o‘sish ortidan yangi iste’dodlar ham yuzaga chiqdi. Ular orasida qanot hujumchisi — tinimsiz harakatlari bilan ajralib turuvchi Abbosbek Fayzullaev va markaziy himoyachi — baquvvat va etakchi sifatida namoyon bo‘lgan Abduqodir Husanov alohida e’tirofga loyiq.
Husanovning o‘sishi shunchalik tez kechdiki, u mahalliy "Bunyodkor" yoshlar jamoasidan boshlab, uch yil ichida KO‘JChda ishtirok etuvchi "Manchester Siti"gacha etib bordi va hozir Jek Grilish uning to‘yida nutq so‘zlab beryapti.
Fikrlar