Artur Grigoryan: Toshkentda bizni qiziqarli janglar kutib turibdi
Xabaringiz bor, bugun Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida boks bo‘yicha professional janglar bo‘lib o‘tadi. Unda 8 ta jang tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Shulardan 3 tasi asosiy janglar hisoblansa, 5 tasi andekard to‘qnashuvlar hisoblanadi.
Kecha mazkur boks kechasida oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida professional ringda birinchi o‘zbekistonlik jahon chempioni Artur Grigoryan ham ishtirok etib, musobaqa haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Yuqori darjadagi musobaqa tashkil etilganligi sababli meni taklif qilishdi. Men uchun bu katta sharaf. Bunday turnir O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilmoqda. Albatta, bu oson emas. Taklifni bajonidil qabul qildim. Bo‘lajak janglarda barchaga omad tilab qolaman. Bu erda boks olamining bo‘lajak yulduzlari ringga chiqishadi. Bizni qiziqarli janglar kutib turibdi degan umiddaman, - deydi Artur Grigoryan.
Ma’lumot uchun: Artur Grigoryan professional boksga 1994 yil aprelda kirib kelgan. Ikki yildan so‘ng engil vazn toifasida WBO chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng u 17 marta ushbu kamarni munosib himoya qiladi. U jami professional ringda 39 ta jang o‘tkazib, shulardan 38 tasida g‘alaba (22 nokaut) qozongan bo‘lsa, 1 marta mag‘lubiyatga uchragan.

Fikrlar