
Bahodir Nasimov: "Navbahor" yangi mavsumda chempionlik uchun kurashadi
Namanganning «Navbahor» jamoasi yangi mavsum arafasida o‘z tarkibiga bir qator yangi futbolchilarni qo‘shib oldi Samarqandlik Bahodir Nasimov ham yangi kelgan o‘yinchilardan biri sanaladi. Ushbu hujumchi shu kungacha bir qator klublarda to‘p surdi va o‘zidan yomon taassurot qoldirmadi. Kerak paytda to‘purar ham bo‘lgan, terma jamoa uchun ham o‘ynagan. Futbolda hali o‘z so‘zini aytish ishtiyoqida bo‘lgan futbolchi endilikda bor e’tiborini «Navbahor»ga qaratmoqda.
«Navbahor»ga qo‘shilishi
Muxlislarimizga juda yaxshi tanish bo‘lgan hujumchi Bahodir Nasimov yangi mavsumga «Navbahor» tarkibida jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning namanganliklar safiga qo‘shilganiga bir oycha vaqt bo‘lib qoldi. «Navbahor» murabbiylari uchun esa Nasimov qishki selektsiyadagi asosiy xaridlardan biri edi. Futbolchi bilan muloqot jarayonida avvalo bu jamoaga qay tariqa qo‘shilgani haqida gapirdi.
- Meni «Navbahor» jamoasiga bosh murabbiy Andrey Kanchelskis taklif qildi. Bokuda yurgan paytimda murrabiy menga qo‘ng‘iroq qilib, seni jamoamizda ko‘rmoqchiman deb o‘z taklifini bildirdi. U menga to‘liq ishonayotganini ma’lum qildi. To‘g‘risi, «Keshla» jamoasida kam o‘ynayotganim sababli «Navbahor»dan tushgan taklifga rozilik berdim.
Bosh murabbiy to‘g‘risida
Rossiyalik murabbiy Andrey Kanchelsskisning nimalarga qodirligini ko‘rish uchun ushbu mavsum aniq bahoni ko‘rsatib beradi. O‘tgan yilgi mavsumning oxirlarida ish boshlagani sababli jamoani o‘zi tuzmagandi. Bu yildan e’tiboran esa Kanchelskis hammasini o‘zi amalga oshiryapti va jamoani ham futboldagi qarashlaridan kelib chiqqan holda tuzmoqda. Hozircha esa biz uning qanday murabbiyligi borasida jo‘yali fikr bildira olmaymiz. Bahodir Nasimov esa ilk bor ishlayotgan mutaxassis haqida shunday dedi:
- Kanchelskis yaxshi murabbiy. Ammo, rostini aytganda, uning mashg‘ulotlari juda ham og‘ir. Ayniqsa, jismoniy tomondan qattiq ishlayapmiz. U mashg‘ulotlar jarayonida futbolchilarni dam olishiga umuma imkon bermadi. Hammasini tez va aniq bajarishimiz talab qiladi. Shuning uchun mashg‘ulotlarda to‘xtamasdan ishlayapmiz. U bilan birga ishlayotganimga 20 kundan oshdi. Ozarbayjonda bir agent bor, Kanchelskis esa u bilan tanish ekan. O‘sha agent ikkimizni tanishtirib qo‘ygandi.
Maqsad bitta: chempionlik
Namanganliklar o‘tgan yili 3-o‘rinni qo‘lga kiritishgandi. Bu yilgi maqsad esa undan ham kattaroq. Nasimovning aytishicha, jamoa faqat chempionlik uchun kurash olib boradi. Bu albatta juda qiyin va murakkab vazifa hisoblanadi. Albatta, «Navbahor» o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani qanchalik bajara olishini chempionat ko‘rsatib beradi. Futbolchi esa chempionlikka erishish uchun oxirigacha kurashishini ta’kidlamoqda.
- Haqiqatan «Navbahor» jamoasining yangi mavsumdagi maqsadi o‘ta jiddiy. Rahbariyat tomonidan oldimizga chempionlikni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Shu boisdan ham mashg‘ulotlarimiz jiddiy tarzda kechmoqda. Chempionat boshlanishini esa intizorlik bilan kutyapmiz. Mavsumni g‘alaba bilan boshlashimiz nihoyatda muhim. Chempion bo‘lishimiz uchun esa faqat g‘alabalar qozonishimiz kerak. Bunday paytda hattoki, durangni ham o‘ylamasligimiz kerak. Har qanday vaziyatda ham 1-o‘rinni qo‘lga kiritish uchun oxirigacha kurashamiz.
Muxlislarning talabchanligi xususida
«Navbahor» safida to‘p surish oson emas. Chunki u erda ashaddiy muxlislar bor, kerak bo‘lsa ular tomonidan jiddiy bosimlar ham bo‘lib turadi. Ishqibozlar sevimli jamoasidan faqat g‘alabani talab qilishadi. Lekin muvaffaqiyatsizlikka uchragan paytda tanqid va e’tirozlar ham jiddiy bo‘ladi. Nasimov esa mazkur masala yuzasidan o‘z qarashlarini aytib o‘tdi.
- Namanganda futbolni qanchalik sevishlarini yaxshi bilaman. Muxlislarning jamoani qoyilmaqom tarzda qo‘llab-quvvatlashlari biz futbolchilarga qo‘shimcha kuch beradi. Ishqibozlar tomonidan bosim yo‘q, aksincha, ular bizga yordam berishmoqda. Maydonda 11 futbolchi o‘ynasak, ular bizning 12-o‘yinchimizga aylanishlariga shubha yo‘q. Namanganlik futbol jonkuyarlarining daldasi hamma vaqt bizni ruhlantirib turadi.
O‘zining maqsadi
Odatda har bir futbolchining ham o‘z oldiga qo‘ygan shaxsiy maqsadlari bo‘ladi. «Navbahor»dagi maqsad va vazifalar bevosita o‘yinchilarning ham o‘z ustida ko‘proq ishlashga undaydi. Shu o‘rinda Bahodir o‘ziningni niyati nima ekanini aytdi.
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, jamoa oldiga chempionlik vazifasi qo‘yilgan. Men esa «Navbahor»ning o‘z maqsadiga erishishida o‘z o‘yinim va gollarim bilan yordam berishim kerak. Shuning uchun bu erga kelganman. G‘alaba qozonishimiz uchun men gollar urishim shart. Bu mening asosiy vazifam bo‘ladi.
Terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi ishtirokiga nazar
Nasimov milliy terma jamoamizning sobiq futbolchisi hisoblanadi. Tabiiyki, vakillarimizning Osiyo Kubogidagi ishtirokini Nasimov ham diqqat bilan kuzatib borgan. Terma jamoamizga befarq bo‘lmagan hujumchi mazkur musobaqadagi ishtirok xususida o‘zining fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
- Milliy terma jamoamizni Osiyo Kubogida yaxshi o‘yin ko‘rsatdi deb hisoblayman. Ammo, to‘g‘risini aytganda, yigitlar Ummonga qarshi u qadar yaxshi o‘ynay olishmadi. Turkmaniston, Yaponiya va Avstraliyaga qarshi uchrashuvlarda jamoamiz ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Men O‘zbekistonning barcha uchrashuvlarini katta qiziqish bilan ko‘rdim. Oldinlari Yaponiya va Avstraliya kabi raqiblarga qarshi o‘ynash qiyin bo‘lardi. Ammo endilikda terma jamoamizning ham saviyasi kuchayib boryapti. Ko‘rganingizdek, Yaponiya hamda Avstraliya bilan bellashuvlarda jamoamiz tengma-teng kurashdi. Hattoki, o‘sha uchrashuvlarda g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Garchi nimchorak finalda penaltilar seriyasida yutqazgan bo‘lsak-da, terma jamoamiz o‘sishga erishyapti.
«Keshla»dagi faoliyati
Bahodir Nasimov Ozarbayjonning «Keshla» jamoasiga o‘tgan yili qo‘shilgandi. Biroq futbolchimizning u erdagi faoliyati ko‘ngildagidek kechmadi. Buning ustiga murabbiy unga to‘liq ishonch bildirmadi. Natijada Nasimov o‘z o‘yinini ko‘rsata olmadi. Etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani sababli «Keshla»dan ketishga qaror qildi. Futbolchi u erdagi faoliyati haqida shunday dedi:
- Rosti, «Keshla» jamoasiga moslashishim qiyin kechdi. Bu klub bilan tuzilgan shartnomam shu yilning may oyigacha edi. Natijada «Keshla» klubi rahbariyati bilan kelishgan holda shartnomani bekor qilishga qaror qildik. Chunki u erda ko‘p bor zaxirada qolib ketayotgandim. Ammo o‘zim ham buning sababini bilmasdim. Men esa o‘ynashim kerak edi va shu maqsadda «Keshla»dan ketdim.
Fikrlar