«Barselona» – «PSV» o‘yinidan chiqarilgan besh xulosa

  • 20 sentabr, 2018, 10:20
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha Chempionlar Ligasining 2018-19-yilgi mavsumiga ham start berildi. «Barselona» guruh bosqichining 1-turida o‘z uyida «PSV»ni qabul qildi va yirik 4-0 hisobida g‘alaba qozondi.

Tecno

Kataloniyaliklar «PSV»ning ba’zi hujumlariga qaramay o‘yinning boshidanoq hukmronlikni o‘z qo‘liga oldi. Ammo ularning etakchisi Lionel Messi hammadan ham ko‘proq ajoyib o‘ynadi. Uchrashuvning 31-daqiqasidayoq jarima zarbasini ajoyib tarzda golga aylantirdi va bu mavsumning dastlabki goliga mualliflik qildi.

Messi uchrashuvda xet-trikka erishguniga qadar «Kamp Nou»ga tashrif buyurganlar Usmon Dembelening yakkaxon goliga guvoh bo‘lishdi. Quyida uchrashuvdan chiqarilgan muhim besh xulosa bilan o‘rtoqlashamiz.

  1. To‘pga egalik yo‘q, muammo yo‘q: «PSV»ning qarshi hujumlari

Lionel Messi uchrashuvda hisobni ochgunigacha «PSV» «ko‘k-anorranglilar»ga asosan qarshi hujumdan xavf solib turdi. Atigi 20 % lik to‘pga egalik qilishganiga qaramay, eyndxovenliklar naq to‘rt marta «Barsa» darvozasi tomon zarba yo‘llashga muvaffaq bo‘ldi.

Ayniqsa Steven Bergveyn va Gaston Pereyroning yo‘llagan zarbalariga biroz aniqlik etishmadi. Mark Van Bommel aniq paslar uzatuvchi «Barselona» to‘sig‘idan o‘tish oson bo‘lmasligini juda yaxshi bilardi. Shu sababli bosh murabbiy o‘z o‘yinini Jahon Chempionatida nom chiqargan Bergveyn va Losanolarga suyangan holda o‘yinni olib borish rejasini tuzgandi.

Barchamiz Rossiyada bo‘lib o‘tgan Mundialdan keyin Losanoning tezligini unutganimiz yo‘q. Birinchi bo‘limda meksikalik futbolchi aynan shu sifati evaziga kimsan Jordi Albani quvib o‘tishga erishdi.

Losano Rossiyada Meksika termasi ustozi Xuan Karlos Osorioning yashirin quroliga aylangandi. 23 yoshli futbolchidan Van Bommel ham «Inter» va «Tottenxem»larga qarshi asosiy qurol sifatida foydalanishi mumkin.

  1. Messi jamoani so‘nggi bosqichlargacha olib chiqishi mumkin

Messi kechagi xet-trigidan keyin Chempionlar Ligasining guruh bosqichida eng ko‘p – 8 ta xet-trik urgan dastlabki futbolchiga aylandi. Ammo «Barsa» bu mavsumni bosh sovrin bilan tugatishni istasa, Messi bunday o‘yinini pley-off bosqichlarida ham ko‘rsatishi talab etiladi.

Kechagi o‘yinda u jarima zarbasini tepish bo‘yicha master-klass ko‘rsatdi. «La Masiya» tarbiyalanuvchisi bir vaqtlar Ronaldino va Dekular ijro etganidek o‘zining chap oyog‘ida mohirona zarba yo‘lladi. Mehmonlar darvozaboni Zut mukammal ijro qarshisida hech narsa qila olmadi.

Messi yil taqvimiga ko‘ra 2018-yilda sakkizta jarima zarbasini golga aylantirgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha bu yil yuqori natijaga erishgani ham Messining futbol san’atini mukammal o‘rganib olganini isbotlaydi.

Statistika uchun aytadigan bo‘lsak, Messining Chempionlar Ligasidagi 101 golidan to‘rttasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri darvozaga joylab qo‘ygan. 31 yoshli futbolchi ushbu goli bilan Chempionlar Ligasida qatorasiga 14 mavsum gol urib Raul bilan bir safga o‘tdi.

  1. Koutino Chempionlar Ligasidagi debyutida porladi

Filipe Koutino «Barselona» safida o‘zining Chempionlar Ligasidagi debyut o‘yinini o‘tkazdi. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida Kataloniyaga ko‘chib o‘tgan braziliyalik pleymeyker ushbu debyutini uzoq kutishiga to‘g‘ri keldi.

Maydonning o‘rtasidan joy olgan Koutino «Barsa»ning uslubiga va o‘yinning borishiga o‘z so‘zini aytdi. «Liverpul»ning sobiq vakili ushbu oqshom mukammal bo‘ldi, uning Messi bilan o‘zaro hamkorligi kataloniyaliklarning navbatdagi g‘alabasiga zamin yaratdi.

Buskets yonida Koutino yarim himoyada o‘zini ko‘rsata oldi. U eng ko‘p to‘pni qabul qildi (91) va uzatmani (81) amalga oshirdi.

  1. Dembele: navbatdagi qirol

Usmon Dembele ko‘z ochib yumguncha ajoyib vaziyatlarni yaratishga qodir futbolchi ekanligini isbotladi. U «PSV»ga qarshi uchrashuvda raqibning ikki futbolchisidan ajoyib tarzda qochib ketdi va o‘ng oyog‘i bilan ajoyib gol urdi.

Ushbu gol bilan frantsiyalik vinger klub va terma jamoasi uchun 34 golga o‘ng oyog‘i bilan o‘z hissasini qo‘shdi. U 18 gol va 16 golli uzatmani aynan o‘ng oyoqda yo‘llagan. U shuningdek chap oyog‘i bilan 31 golga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

Dembele o‘z o‘yinini topib olishi uchun biroz muddat talab qilindi. 21 yoshli futbolchi tanaffusdan keyin o‘ynga kirishib ketdi va «Kamp Nou»dagi yirik g‘alabaga munosib hissasini qo‘shdi. Uning jamoaga kerakligi hech qanday shubha tug‘dirmaydi.

  1. «Kamp Nou» qal’asi

«Barsa» «Kamp Nou»da so‘nggi 27 Chempionlar Ligasi o‘yinlarining 25 tasida uchrashuvni g‘alaba bilan tugatgan va ikki durang o‘ynagan. Kataloniyaliklar so‘nggi bor o‘z uylarida 2013-yilda «Bavariya»dan 3-0 hisobida mag‘lubiyatga uchragan. O‘shandan beri ular engilmas jamoa bo‘lib kelmoqda.

«Kamp Nou» «ko‘k-anorranglilar»ning Evropadagi muvaffaqiyatlari bazasi bo‘lib qolmoqda. O‘tgan mavsumda Valverde shogirdlari «Chelsi» ustidan 3-0, «Roma» ustidan 4-1 hisobida g‘alaba qozongan.

Biroq kataloniyaliklar endi safar uchrashuvlaridagi natijalarini ham yaxshilab olishi talab etiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!