
Bobur Akbarov: Malayziya chempionati O‘zbekiston chempionatidan kuchsiz emas
Malayziya chempionatida to‘p surayotgan futbolchimiz Bobur Akbarov yaqinda u erdagi chempionatni yakunlab O‘zbekistonga qaytib keldi. Andijonning Jalaquduq tumanida istiqomat qilayotgan futbolchi hozirda o‘z uyida dam olmoqda. Aytish lozimki, Akbarov ikki yildan buyon Malayziyada to‘p surib kelmoqda. O‘tgan yili birinchi divizionda ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil Superligasida o‘ynadi. E’tiborlisi, o‘tgan yildan beri Bobur “Kuala-Lumpur” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Himoyachi sifatida bo‘ydor va baquvvat bo‘lgan futbolchi o‘z o‘yinlari bilan malayziyaliklarning ishonchini qozona oldi. Shu bois u erda Akbarovga qiziqish katta. O‘zining aytishicha, Malayziya futboliga ancha moslashib olgan o‘yinchi keyingi faoliyatini ham yana o‘sha erda davom ettirish istagida.
- Mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazdik. Bu yil Malayziya Superligasida debyutant edik va shu bois tarkibdagi ko‘p futbolchilar u erda ilk bor to‘p surishdi. Rostini aytsam, bizda Superligada qatnashish borasida o‘yin amaliyotimiz kamligi bois ko‘p uchrashuvlarda yutqazib qo‘ydik. To‘g‘ri, vaqti kelib o‘zimizga kerakli ochkolarni yig‘dik. Yakunda esa mavsumni 10-o‘rinda yakunladik. Bir so‘z bilan aytganda, jamoamiz yangi edi va Superligada birinchi bor qatnashgani bois sovrinli o‘rinlar uchun kurasha olmadik. Shaxsan o‘zimga kelsak, qizil va sariq kartochkalarni hisobga olmaganda, deyarli barcha uchrashuvlarda o‘ynadim. Nasib qilsa, keyingi faoliyatimni yana Malayziyada davom ettiraman, - deydi futbolchi.
Akbarov faoliyatining uchinchi yilini ham yana Malayziyada o‘tkazishga taraddud ko‘rmoqda. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, uning “Kuala-Lumpur”dagi o‘yinlari orqali mahalliy mutaxassis hamda muxlislarning e’tiborini qozona oldi. Lekin futbolchining gapiga e’tibor qaratsak, u keyingi faoliyatini yana Malayziyada davom ettiraman deyapti, bu vaziyatda Bobur “Kuala-Lumpur” jamoasining nomini tilga olgani yo‘q. Biz esa unga klub bilan shartnomani uzaytirmaysizmi, deya so‘raganimizda shunday dedi:
- “Kuala-Lumpur” bilan o‘rtamizda tuzilgan shartnoma nihoyasiga etdi. Ammo yangi shartnoma imzolaganimiz yo‘q. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, klub bilan yangi shartnoma borasida kelisha olmay qoldik. Shuning uchun yangi mavsumda endi boshqa jamoa sharafini himoya qilaman. Hozircha oldimda bir qator variantlar turibdi. Bu borada agentlar ishlashyapti. Hayriyatki, men uchun yaxshi takliflar bor.
“Kuala-Lumpur” Bobur Akbarovning Malayziyadagi dastlabki jamoasi bo‘lib qoladi. Ikki yil davomida futbolchimiz mazkur klub sharafini munosib darajada himoya qila oldi. O‘tgan yili birinchi divizionda muvaffaqiyatli qatnashib Superligaga yo‘l olishida ham o‘zbekistonlik o‘yinchining hissasi katta bo‘lgandi. Endilikda ushbu jamoa Akbarov uchun o‘tmishga aylandi. O‘z navbatida Bobur u erdagi ikki yillik faoliyati davomida nimalarni o‘rgangani haqida gapirdi.
- Ikki yil davomida ikkita murabbiy qo‘li ostida o‘ynadik. Ikkalasi ham braziliyalik mutaxassislar edi. Buning natijasida jamoamizda uch nafar braziliyalik futbolchilar to‘p surishdi. Darvoqe, argentinalik legioner ham bor edi. Malayziyada ko‘plab do‘stlar orttirdim. Yillar davomida futbolchilikdagi kamchiliklarimni bartaraf etib boryapman. Murabbiy boshchiligida o‘zimga bo‘lgan ishonch kuchaydi.
Andijonda bo‘lib turgan futbolchini yana O‘zbekiston chempionatiga qaytishini kutayotganlar ham yo‘q emas. Lekin hozir buning mavridi emasligini Akbarov yana bir bor aytib o‘tdi.
- Boya aytganimdek, hozir boshqa klublar bilan muzokaralar bo‘lyapti. Agar ijobiy hal bo‘ladigan bo‘lsa, yana Malayziya chempionatida o‘ynayman. Mabodo, muzokaralar o‘xshamasa, o‘zimizdan ham takliflar bo‘lyapti. Ochig‘i, bu masala bo‘yicha hali aniq bir to‘xtamga kelmadim.
Bobur Akbarovning Baxtiyor Ashurmatov bilan munosabatlari juda yaxshi ekanligini ko‘pchilik bilsa kerak. Bugungi kunda OKMK jamoasini boshqarayotgan murabbiy kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichida ishtirok etadi va unda muvaffaqiyatli qatnashish uchun tarkibni kuchaytirmoqchi. Ayniqsa, himoya chizig‘ini mustahkamlash uchun Bobur Akbarov bilan yana hamkorlik qilish taklifini o‘rtaga tashlagani haqidagi ma’lumotlarga oydinlik kiritish ilinjida yana Akbarovga yuzlandik.
- Baxtiyor aka bilan gaplashib turamiz. Lekin o‘rtamizda hozircha klub va faoliyat borasida hech qanday gap-so‘z bo‘lgani yo‘q. Superligamiz rasman tugaganidan keyingina boshqa masalalar haqida gaplashsak bo‘ladi. OKMK jamoasida o‘ynaymanmi-yo‘qmi, buni Xudo biladi. Baxtiyor Ashurmatov jamoasiga omad tilab qolaman. Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasida iloji boricha uzoqroqqa borishining tilakdoshiman.
Shu bilan birga Bobur Akbarov Malayziya futbolining bugungi kuni haqida gapirar ekan, jumladan shunday dedi:
- Agarda malayziyaliklar bilan muzokaralar ijobiy yakunlansa, dekabr oyidayoq yana ketishim mumkin. Bilasizmi, u erda legionerlarning hisobiga yildan-yilga Malayziya futboli kuchayib boryapti. Klublar asosan o‘z saflariga yaxshi saviyadagi legionerlarni jalb qilishyapti. Har bir jamoada eng kamida to‘rt nafardan xorijlik o‘yinchilar to‘p surishadi. Shu o‘rinda aytmoqchimanki, ko‘pchilik Malayziya futbolini O‘zbekistonnikidan kuchsiz deb hisoblashadi. Lekin men bu fikrga qo‘shilmagan bo‘lardim. U erda ikki yil davomida to‘p surib shuni bilyapmanki, Malayziya futbolining o‘zimiznikidan kuchsiz tomonlari yo‘q. Hozir aytganimdek, u erda futbol rivojlanib boryapti. Futbol uchun yaratilayotgan shart-sharoitlari borasida gap bo‘lishi mumkin emas. Men bu borada ularga qoyil qolganman.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar