
Bolalar va o‘smirlar o‘rtasida "Navro‘z" musobaqasi finali bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi taqvim rejasiga asosan 2004 yilda tug‘ilgan bolalar jamoalari o‘rtasida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan musobaqa yakuniga etdi.
O‘FAga qarashli sun’iy qoplamali maydon hamda “Chig‘atoy” sport bazasi maydonida o‘tayotgan 2004 yilda tug‘ilgan bolalar o‘rtasidagi musobaqada jami 13ta jamoa qatnashdi.
Bugun ushbu turnirning 3-o‘rin uchun bahsi va finali bo‘lib o‘tdi. 3-o‘rin uchun kechgan bahsda “Iftixor” FM “Paxtakor” futbol akademiyasi bilan kuch sinashdi. O‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobidagi durang bilan yakuniga etdi. Penaltilar seriyasida “Iftixor” futbol maktabi jamoasiga omad kulib boqdi – 4:2.
Finalda “Neftchi” BO‘FM “Nasaf” BO‘FMga qarshi maydonga tushdi. Qiziqarli kechgan bahsda “Nasaf” BO‘FM 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.
Mazkur musobaqani O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi selektsionerlari kuzatib borishganini ham alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Iste’dodli futbolchilar O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga jalb qilinadi.
2006 yilda tug‘ilgan bolalar jamoalari o‘rtasida musobaqa 2 aprel kuni boshlanadi.
Fikrlar