
Shomurodovning transferi eng qimmati bo‘lib chiqdi!
Ayni paytda futbol jamoatchiligining e’tibori transfer bozoriga qaratilgan. Yangi mavsum oldidan jamoalar o‘z tarkiblarini tartibga solishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Yozgi transferlar bozori paytida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning nomi ham odatdagidan ko‘proq tilga olina boshlandi. Bu ko‘p jihatdan legionerimiz o‘ynayotgan “Roma”da bosh murabbiy alishgani bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, mavsumning ikkinchi yarmini yuqori darajada o‘tkazgan hujumchimizning bozori qaynashi tabiiy hol sifatida qabul qilinyapti. AQShdan kelgan taklif ortidan Shomurodov uchun kurashga Turkiyaning “Bashakshehir”, Frantsiyaning “Renn” va Italiyaning “Kremoneze” kabi klublari ham qo‘shildi va ularning aksariyati rimliklar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.
Bu orada nufuzli manbalardan biri – 161.ru sayti Rossiya Premer-ligasi vakili “Rostov” klubining eng qimmat transferi reytingini tuzib chiqdi. Unga ko‘ra, rostovliklar o‘z tarixida eng katta daromadni Eldor Shomurodov transferidan olgani ma’lum bo‘ldi.
Sports.uz portali legionerimiz faoliyatida muhim rol o‘ynagan “Rostov” klubining eng qimmat o‘n bitta transferi haqida ma’lumot berishga qaror qildi.
Eldor Shomurodov (“Rostov”dan “Jenoa”ga – 9,5 million evro, 2020 yil)
O‘zbekistonda “Mash’al” va “Bunyodkor”da to‘p tepgan hujumchini Rossiya Premer-ligasida ishtirok etayotgan “Rostov” 2017 yilning 15 iyulida o‘z safiga qo‘shib oladi. Bu transfer uchun rostovliklar “Bunyodkor”ga 300 ming evro to‘lagani qayd etilgan.
Eldorning “Rostov”dagi faoliyati davomida 2019-2020 yilgi mavsum alohida ahamiyat kasb etadi. Hujumchi rostovliklar tarkibida 12 ta uchrashuvda o‘nta to‘p kiritadi, jamoa Evropa Chempionlar ligasiga chiqish uchun oxirigacha kurashadi, biroq buni uddalay olmay, Evropa ligasi yo‘llanmasi bilan cheklanadi. Shomurodov esa, xorij klublari nazariga tushadi.
“Rostov”da uch yil davomida o‘ynagan hamyurtimiz 91 ta o‘yinda raqiblar darvozasini 18 marta ishg‘ol qiladi va jamoadoshlariga 12 ta golli pas uzatadi.
2020 yilning oktyabrida Italiyaning eng qadimiy klubi “Jenoa” Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib oldi. Avvaliga genuyaliklar 7,5 million evro to‘lab, transferni ijobiy hal qildi. Keyinchalik turli bonuslar bilan bu summa 9,5 million evroga ko‘tarildi. Aynan mana shu ko‘rsatkich “Rostov”ning eng katta chiqish transferi bo‘lib turibdi.
Eldor Italiyadagi debyut mavsumida genuyaliklar jamoasida A Seriya va mamlakat kubogida jami 32 ta bahsda o‘z hisobiga sakkizta gol va ikkita assist rasmiylashtiradi. “Jenoa” bir necha oydan keyin “Roma” taklifini qabul qilib, o‘zbek hujumchisi uchun sarflagan 9,5 million evroni qaytarib olishdan tashqari, yana 10 million evro daromad ko‘radi. Poytaxtliklar o‘zbek forvardi uchun bonuslar bilan birga 19,6 million evro sarflagan.
2024-2025 yilgi mavsum esa, Eldor Shomurodovning “Roma”dagi faoliyatida eng zo‘r davr bo‘ldi. Chempionatning ikkinchi yarmida “bo‘rilar”ning etakchilaridan biriga aylangan o‘zbek futbolchisi milliy terma jamoa bilan birga 2026 yilgi jahon chempionatiga ham yo‘llanma oldi.
“Rostov”ning qolgan eng qimmat o‘nta transferi quyidagicha ko‘rinish olgan:
Danil Glebov ( “Rostov”dan “Dinamo Moskva”ga, 8 million evro, 2025 yil);
Mixa Mevlya (“Rostov”dan “Zenit”ga, 8 million evro, 2017 yil);
Bashtush (“Rostov”dan “Latsio”ga, 6,5 million evro, 2016 yil);
Dmitriy Skopintsev (“Rostov”dan “Krasnodar”ga, 4,4 million evro, 2019 yil);
Sverrir Ingason (“Rostov”dan “PAOK”ga, 4 million evro, 2019 yil);
Reziuan Mirzov (“Rostov”dan “Spartak Moskva”ga, 4 million evro, 2019 yil);
Aleksey Ionov (“Rostov”dan “Krasnodar”ga, 3,5 million evro, 2020 yil);
Dmitriy Chistyakov (“Rostov”dan “Zenit”ga, 3,25 million evro, 2021 yil);
Evgeniy Chernov (“Rostov”dan “Krasnodar”ga, 3 million evro, 2020 yil);
Matias Normann (“Rostov”dan “Ar-Raed”, 3 million evro, 2023 yil).
Husanov ko‘z o‘ngida “Manchester Siti” tarixiy rekord o‘rnatdi
Tezkor: Italiya klubi Shomurodov transferiga munosabat bildirdi!
Shomurodov kuchayib ketdi...
Ronaldu Masharipovga: Nima, sen Messining muxlisimisan?!
Legionerimiz Evropada yurish qilishga tayyor!
Fikrlar