Erkin G‘aybullaev blogi: «Real» nishonidagi Braim Dias kim o‘zi?

  • 7 dekabr, 2018, 14:31
  • 0
CHERY AUTO

Premer Liga etakchilari yosh iqtidorli hujumchisini jamoada olib qolishning uddasidan chiqa olmadi va doimiyi o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun Dias kimsan «Real»ga o‘tishga rozilik berdi.

Tecno

"Qo‘lingdan kelsa tutib ol" iborasi aynan Braim Dias uchun ham mos tushadi. U maydonda va maydondan tashqarida tutqich bermaydi.

Driblingi Lionel Messiga o‘xshatilayotgan 19 yoshli hujumchini «Manchester Siti» ushlab qololmadi.

Dias mavsum yakunida «Santyago Bernabeu»ga ko‘chib o‘tadigan bo‘ldi. Pep Gvardiola unga yangi shartnoma taklif qilmoqchi bo‘lganiga ham qaramay yosh futbolchi yangi chaqiriqni qabul qildi.

Uning amaldagi shartnomasi iyunda o‘z nihoyasiga etadi va asosiy jamoadagi kuchli raqobatni ko‘rib ispaniyalik futbolchi «Real» xo‘jayinlarining va’dalariga ishonib vataniga qaytishga qaror qildi.

Xabarlarga ko‘ra, Dias Evropaning amaldagi chempionlari bilan haftasiga 60 ming funt ishlab topishiga imkon beradigan shartnomaga erishgan. Boz ustiga asosiy jamoada ham unga o‘rin va’da qilishgan. Albatta u Vinisius Juniorga o‘xshab uchinchi divizionda o‘ynashga rozi bo‘lmagan bo‘lsa kerak.

Kamiga «Real»ning La Ligada qiyinchilikka uchrayotganini ko‘rib Dias yuqori pog‘onaga ko‘tarilishning ayni vaqti deya hisoblayotgandir.

Futbolchi bu mavsumda «shaharliklar»ning bir bo‘lagiga aylanishga maqsad qilgan, shu tufayli «Jirona»ga ijara asosida o‘tish taklifini ham rad qildi.

Ammo u hanuz Premer Ligada birorta daqiqa ham o‘tkazganicha yo‘q. Uning asosiy tarkibda maydonga tushish imkoniyatlari qattiq chegaralangan. Riyod Mahrez, Leroy Sane, Bernardo Silva va Rahim Sterling kabi yulduzlar bor paytda unga yo‘l bo‘lsin.

Dias esa «qirollik klubi» tarkibiga tezda moslashib ketishi mumkin.

Vinisius Junior, Federiko Valverde, Markos Lorente va Serxio Regilonlar yangi mavsumda La Ligadagi debyutlarini o‘tkazishdi. Dias esa faqatgina Karabao Kubogida «Manchester Siti» libosida ko‘rinish bermoqda.

Hujumchi «Oksford» va «Fulxem»ga qarshi bellashuvlarda maydonga tushirildi va o‘zini ko‘rsata olishga erishdi.

Uning ko‘rsatgan o‘yini yosh iste’dod egasi yanada ko‘prog‘iga munosib ekanligini ma’lum qildi.

«Braim masalasi juda oddiy. Biz uning qolishini istaymiz, u bilan shartnomani to‘rt yoki besh yilga uzaytirishni istaymiz. Biz uni bu erda olib qolish uchun barchasini qilamiz. Ammo yakuniy qaror o‘zida» – dedi Pep Gvardiola ushbu masalaga oydinlik kiritarkan.

Pepni tashvishlantiradigan holat baribir yuz berdi va u klubni tark etmoqda. Dias klubning yoshlar tizimida ancha vaqt ter to‘kdi. Ha aytgancha, Diasning agenti – Pere Gvardiolaning akasi hisobalanadi. Qiziq-a!

Dias 2011-yilda «Malaga» yoshlar akademiyasida porlaganida «Barsa»da faoliyat ko‘rsatayotgan Gvardiola uni «Kamp Nou»ga taklif qilgandi.

Kataloniyaliklar o‘shanda uni o‘z safiga qo‘shib olishga juda yaqin kelgandi, xatto futbolchining otasi bilan ham barcha masalalarni kelishib olgandi. Biroq yakunda «Malaga» uni sotishdan bosh tortdi. 16 yoshga to‘lganida bolakayga asosiy jamoada o‘ynash imkoniyatini berishni va’da qildi. Ammo bu hadeganda sodir bo‘lmadi. «Manchester Siti» esa 14 yoshli bolakay uchun 300 minglik taklifini 4.5 million funtgacha oshirdi va yosh javohirni ilib ketdi.

Avval boshidanoq Diasning texnikasi qay saviyada ekanligi ma’lum edi. Uning «Malaga» yoshlari tarkibida o‘ynagan vaqtida olingan videolar so‘zimizni tasdiqlaydi. Ispaniyalik futbolchi Messi va David Silva kabi to‘p bilan mohirona muomala qila oladi. Kamiga hujumkor yarim himoyachi yoki hujumning istalgan nuqtasida o‘ynay oladi.

«Premer Ligada biz uni Eden Azar bilan qiyoslaymiz, ammo driblingiga ko‘ra u Messiga o‘xshash uslubda o‘ynaydi» – deydi Diasning “Manchester Siti»dagi jamodoshi Edvard Frensis.

Dias hozirda chap oyog‘ida ko‘p ish bajarayotgan bo‘lsada, ikkala oyog‘ida ham a’lo darajada o‘ynay oladi.

Unga Evropaning ko‘plab grandlari «og‘iz solishdi». Ammo ayni vaqtda u «Real»ga o‘tish niyatida qat’iy. U «Real» klubida o‘z o‘rnini topib olishga umid qilmoqda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!