
Eski dolzarb mavzu: Ronalduning yo‘qligini «Real» qanday to‘ldiradi? (Erkin G‘aybullaev blogi)
Florentino Peresning klubning barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purarini sotishi ortidan klubda paydo bo‘lgan bo‘shliq mavsumni yarmi ortda qolayotgan bir pallada og‘riqli muammoligicha qolmoqda. Bu oradan bu muammoni bartaraf qilish uchun olib kelingan murabbiy ham iste’foga chiqib ketdi. Klub esa yangisi bilan ham eski muammoni bartaraf qila olmayapti.
Ko‘rinib turibdiki, Ronalduning yo‘qligini klub mutasaddalari etarlicha baholay olishmagan. Portugaliyalik super yulduz iyulda «Yuventus»ga o‘tganida uning o‘rnini to‘ldirish uchun etarlicha xohish bildirishmadi va ehtimoliy inqirozga ko‘z yumishdi.
«Real»ning eng yaxshi to‘purari «Santyago Bernabeu»dan ketganidan keyingina uning o‘rnini his qilishdi, ammo bu kech tushinib etildi. So‘nggi yillarda Peres va Ronaldu yuzma-yuz ko‘rishmay qo‘yishgandi.
Munosabatlar buzilgan edi, Ronaldu esa to‘qqiz yillik faoliyatidan keyin klubni tark etish payti kelganini tushunib etdi. Ayni vaqtda u A Seriyada 10 gol bilan ikkinchi eng yaxshi to‘purarga aylangan va o‘zini ko‘rsatishda davom etmoqda.
Madridliklar esa usiz juda-juda qiynalishmoqda. Ronaldu ketganidan beri jamoada bir murabbiy almashtirilishga ham ulgurdi. Xulen Lopetegi xabaringiz bor «El Klassiko»da 5-1 hisobidagi mag‘lubiyatidan keyin iste’foga chiqarilgandi. La Ligada esa «qaymoqranglilar» to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.
Uning o‘rniga yangi kelgan Santyago Solari ham bir necha g‘alabalarga erishgan bo‘lsada, uning ishlarini «besh» deb bo‘lmaydi. EChLning so‘nggi turida madridliklarning o‘z maydonida «TsSKA»ga 3-0 ga yutqazib qo‘yganini «sharmandali holat» deyishdan boshqa ta’rif yo‘q.
Bu esa «qirollik klubi»ning EChL doirasida o‘z uyidagi mag‘lubiyatlarning eng yirigi bo‘ldi. Hatto «Santyago Bernabeu»ga yig‘ilganlar ham o‘z suyuklilarini hushtakbozlik bilan «siyladi», Isko esa yana tanqidlar girdobida qolib ketdi.
«Madridliklar safida Ronaldu ketganidan keyin futbolchilarning sifati oldingidek emas» – dedi «armiyachilar» bosh murabbiyi Viktor Goncharenko tarixiy g‘alabasidan keyin.
Yanvar oyi yaqinlashib kelayotgan bir pallada madridliklar Ronalduni yo‘qotganidan keyin to‘g‘ri qarorni qabul qilishi kerak. Yozda ular buni «Lion»dan Mariano Diasni qaytarish orqali hal qilishga urinib kergandi.
«Chelsi»dan Eden Azar, «PSJ» juftligi – Kilian Mbappe va Neymar, «Tottenxem»dan Harri Keyn va hatto «Valensiya»dan Rodrigo Morenolarning kelishi borasidagi muzokaralar ro‘yobga oshmadi. Ammo madridliklar ushbu futbolchilar uchun so‘ralgan pullarni to‘lashni istamadi.
Marianoda salohiyat bor. Ammo 7-raqam egasiga aylangan bo‘lsada, u hali Ronalduning yo‘qligini bildirmaydigan darajada emas. Vinisius Junior esa endigina keldi. O‘zini kichik epizodlarda ko‘rsatayotgan bo‘lsada, u ham madridliklarni g‘alaba sari etaklashiga hali bor.
Shu sababli «qirollik klubi» o‘ziga yangi yulduz qidirmoqda. ularning ko‘z ostida «Inter»ni etaklab yurgan Mauro Ikardi bor. Uning «PSV»ga urgan goli sal qolsa jamoasini EChL nimchorak finaliga olib chiqardi. Biroq gollandlarning hisobni tenglashtirishi «neradzurrilar»ning orzularini sarobga chiqardi. AS nashri aynan argentinalik hujumchi Peresning asosiy transfer maqsadiga aylangan.
Messining vatandoshini shartnomasidagi transfer bahosi 110 million evroni tashkil qiladi va u Ronaldu taqdim qiladigan gollarni urishga qodir.
Karim Benzema madridliklarning to‘purari bo‘lib turibdi. Kulgilisi u beshta goli bilan shunday sharafga ega. Uning gollari soni «Leganes» vakili Gido Karilo, «Eybar»dan Sharles, «Real Sosedad»dan Mikel Oyarsabal va «Levante» iste’dodi Xose Luis Moraleslarniki bilan bab-baravar.
Ular turnir o‘rtasida yuradigan klublari uchun yuqori natija qayd qilishgan. Ammo «Real Madrid» hujumchisi uchun beshta gol hech narsa bo‘lmasligi kerak.
Ikardi esa jarima maydonchasida to‘g‘ri vaqtda to‘g‘ri joyda bo‘lishning hadisini olgan. Benzema va Beyl bilan madridliklar ehtiyoj sezayotgan muammoni yopishga qodir.
Ammo Zinedin Zidan Krishtianu Ronaldu ketmasidan avval klubning ichki muammolari ancha chuqurroq ildiz otganini his qildi va Chempionlar Ligasida trebl qayd etganiga qaramay poytaxt jamoasini tark etdi.
Ikardining olib kelinishi bu muammolar yanada chuqur ildiz otishining oldini olishi mumkin.
«Har mavsumda 40 tadan 50 tagacha gol uradigan futbolchini alishtira olmaysiz, albatta «Real» Ronalduni sog‘inmoqda» – dedi klubning sobiq a’zosi Rafael Van Der Vart.
«Uning «Real»da qilgan ishi aqlga sig‘maydi. Tarkib sifati ham o‘sha-o‘sha. Ular qishda transferga muhtoj emas. Qishda mos tushadigan va jamoaga haqiqatdan yordam beradigan futbolchini topish juda qiyin.» – deya qo‘shimcha qilgan gollandiyalik futbolchi.
Van Der Vartning so‘zlarida balki jon bordir. Madridliklar o‘z o‘yinini shu vaqtgacha Ronaldu atrofida qurib keldi, moslashish uchun endi vaqt talab qiladi.
Yangi futbolchilar olib kelish muammolarni aksincha kuchaytirib yuborishi mumkin. Hozirda yangi davrni boshlashning ayni vaqti.
Bu Peresdan o‘tish davrini qabul qilishni talab qiladi. Shu sababli klub mavsum yakunida birorta sovrin yuta olmasa bundan g‘azablanmasligi kerak.
Ammo Vinisius va Marianoga muntazam o‘yin amaliyoti berilsa, ular kuchayishi va Beyl kabi o‘ynaydigan muhim futbolchilarga aylanishi mumkin.
So‘nggi haftalarda Solari Markos Lorentega o‘yin amaliyoti berdi va bu o‘z mevasini ko‘rsatdi. U bir necha yorqin o‘yinlarini ko‘rsatdi.
Balki «Real» Ronalduni to‘g‘ridan-to‘g‘ri almashtira olmas, ammo buni boshqacha yo‘l bilan ham hal qilishi mumkin. Buning uchun Solari sabr qilishi, Peres esa kuchini ko‘rsatmasligi talab qilinadi.
Fikrlar