
Gimnastikachilarimiz jahon kubogida ishtirok etadi
Frantsiyaning Te shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalardan biri hisoblangan 32-Gran-Pri turniri yakuniga etdi.
Unda Bahslarda Avstriya, Ozarbayjon, Belorus, Bolgariya, Isroil, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Vengriya, AQSh, Kanada, Frantsiya, Qozog‘iston, Rossiya, O‘zbekiston va boshqa mamlakat vakillari ishtirok etishdi. Bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sabina Tashkenbaeva bulava bilan mashqlarda finalgacha etib bordi. Ko‘pkurash yakunlariga ko‘ra esa u 16-natijani qayd eta oldi deya xabar bermoqda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Jamoaviy bahslarda terma jamoamiz sharafini Safiya Qosimova, Dinara Ravshanbekova, Nilufar Shomurodova, Kseniya Aleksandrova va Kamola Ernazarovalar himoya qilishdi. Dunyoning kuchli gimnastikachilari qatorida qizlarimiz ham munosib ishtirok eta olishdi. Uchta to‘p va ikkita arqon mashqida vakilalarimiz sakkizinchi o‘rinni egallashdi.
Ayni paytda qizlarimiz murabbiylar Taliya Abduramanova, Maya Filippova va Valeriya Davidovalar boshchiligida 30 mart kuni Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boshlanadigan jahon kubogiga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Ma’lumot uchun, bo‘lajak jahon kubogida dunyoning 33 mamlakatidan 57 nafar gimnastikachi ishtirok etadi. Jamoaviy bahslarda esa 18 ta terma jamoa ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Fikrlar