
Jamshid Saidov: Hozir “Buxoro”da pul yo‘q
Yaqinda O‘zbekiston U-21 terma jamoasi Xitoydagi xalqaro musobaqada ishtirok etib 1-o‘rinni egallagan holda turnir g‘olibiga aylangandi. Bu esa bizda itqidorli futbolchilar ko‘pligidan dalolat beradi. Qolaversa, murabbiylarning ham salmoqli mehnatlarini e’tiborga olish lozim. Ammo o‘sha musobaqada biroz tushunarsiz holat ham kuzatilgandi. Ya’ni, avvaliga ushbu terma jamoamiz bosh murabbiyi sifatida Sunnat Abdurasulov qayd etilgandi, keyin esa Jamshid Saidov bosh murabbiy rolida ko‘rsatila boshlandi.
"Buxoro"dagi faoliyati bilan ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan ushbu mutaxassis garchi hozir butunlay boshqa lavozimda faoliyat yuritayotgan bo‘lsada, sobiq jamoasining o‘yinlariga befarq emasligi haqida gapirib o‘tdi.
"Albatta, “Buxoro” va yana boshqa jamoalarning o‘yinlarini kuzatyapman. Biroq ularni batafsil ko‘rgani vaqtim yo‘q. Lekin internet orqali ma’lumotlarni eshitib turaman. Lekin “Buxoro”dagi hozirgi vaziyatni ko‘rish achinarli. “Navbahor”ga esa qoyil. Ular sovrinli o‘rinlar uchun jiddiy kurashishyapti. Bu orqali Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish imkoniyati ularda bor. Hech bo‘lmaganda pley-off uchun kurashda qatnashishlari mumkin. Lekin “Buxoro”da samarali mehnat qilib, keyin u erdan ketganimiz yoqimsiz bo‘lgandi. Chunki kelasi yil uchun yaxshigina poydevorni hozirlab qo‘ygandik. Lekin bu – futbol. Buxoro xalqi futbolni juda yoqtiradi. Ammo ayni paytda u erda pul yo‘q. Jamoa esa 6-o‘rinda boryapti. O‘tgan yili ham ushbu pog‘onani egallashgandi. Biz esa 4-o‘rinni band etgandik. “Buxoro” yana qachon 4-o‘rinni olarkin, endi Xudo biladi. Bilasizmi, “Buxoro” jamoasi bungacha 22 yil davomida 4-o‘rinni qo‘lga kiritmagandi. Biz esa maksimal darajada ishlagandik. 2015 yili jamoani saqlab qolgan holda kelasi yilga ko‘tarilishga erishgandik. Aslida esa jamoani shakllanishi uchun uch yilga vaqt berish kerak. Mana, “Paxtakor” ham endi-endi o‘z kuchini ko‘rsatyapti. Shota Arveladze ham birinchi yili ishlaganda qiynaldi-ku. Masalan, Ektor Kuperga ham vaqt berilgan. U kelib 15 yoki 20 kundan keyin terma jamoa yutishni boshlamaydi-ku. Buni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Har qanday jamoaga vaqt kerak bo‘ladi. Achinarlisi, biz “Buxoro” bilan 4-o‘rinni egallaganimizdan so‘ng kelasi mavsum uchun chempionlik poygasida kurashish maqsadi qo‘yilayotgandi. Ammo keyinchalik birdaniga bizni ishdan olib tashlashdi. Murabbiyning ishi shunaqa ekan-da", - deydi Saidov.
Tajribali mutaxassis bilan suhbatning to‘liq matnini tez orada saytimizda o‘qishingiz mumkin. Bizdan uzoqlashmang!
Fikrlar