Keyrushning nayranglari Kuperga ham o‘tadimi yoxud O‘zbekiston - Eron uchrashuvlari tarixiga nazar
Xabaringiz bor, 11 sentyabr kuni poytaxtimiz yana bir futbol bayramiga mezbonlik qiladi. Shu kuni vakillarimiz “Milliy” stadionida fors yurti vakillariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishadi.
Shuni qayd etish lozimki, vakillarimiz eronliklarni hali biror marotaba bo‘lsin Toshkentda engishning uddasidan chiqa olishmagan. Statistik ma’lumotlarga qiziquvchilar uchun aytishimiz mumkinki, hamyurtlarimiz forslarni o‘tkazilgan 9 o‘yindan 1 ta uchrashuvda mag‘lub etishgan bo‘lsa, qolgan 7 ta o‘yinda raqib g‘alabani “ilib” ketgan. Faqatgina 1 gina 2009 yilda o‘tkazilgan o‘yinda tomonlar o‘zaro murosa yo‘lini tanlashgan. Shuningdek, so‘nggi 4 o‘yindan buyon futbolchilarimiz Eronga qarshi o‘yinni boshi egik holda tark etishmoqda.
Endi bevosita o‘yinlar tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston va Eron terma jamoalari o‘rtasidagi dastlabki bahs 1998 yilgi Osiyo o‘yinlariga to‘g‘ri keladi. Vakillarimiz ushbu musobaqaning chorak final bosqichida aynan forslar bilan to‘qnash kelgan va yakunda 0:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishgandi. Oradan 9 yil o‘tib, 2007 yilgi Osiyo kubogining “S” guruhi 1-turi doirasida hamyurtlarimiz Eron terma jamoasi bilan yana to‘qnash keldi. Bu safar Rauf Inileev boshqaruvidagi jamoa 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Xususan, o‘sha o‘yinda hamyurtlarimiz tomonidan uyushtirilgan qarshi hujumda Ulug‘bek Baqoev tomonidan uyushtirilgan bosim oqibatida eronlik himoyachi Rahmon Rizoi dosh berolmay, bosh bilan o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ygandi.
O‘sha Osiyo chempionatidan so‘ng vakillarimiz 2009 yilda Eronni Toshkentda yana qabul qilishdi. "Paxtakor" stadionida o‘tgan bahs 0:0 hisobidagi durang bilan yakun topgandi. Har ikkala terma jamoa 2012 yilning iyun oyida Braziliyada o‘tkaziladigan Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida yana o‘zaro to‘qnash kelishdi. “Jar” stadionida o‘tgan bahs aslida Vadim Abramov shogirdlarining to‘la ustunligida o‘tgandi. Futbolchilarimiz hatto forslarni o‘z jarima maydoni ichiga qamab qo‘yishning ham uddasidan chiqishgandi. Ammo o‘sha o‘yinga qo‘shib berilgan 4 daqiqa o‘yin taqdirini umuman o‘zgartirib yuborgandi. Xususan, avvaliga Ignatiy Nesterov tomonidan uzatib berilgan to‘p uchun kurashda Lutfulla To‘raev Andranik Temuryanga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Aynan 14-raqamli yarim himoyachi tomonidan uyushtirilgan qarshi hujum yakunda Muhammad Rizo Xalatborining 90+3-daqiqada urilgan goli bilan yakun topgandi.
Terma jamoamizning forslarga qarshi 3-o‘yini “Ozodi”da o‘tkazilgan edi. Toshkentdagi bahsdan etarli xulosa chiqargan vakillarimiz forslarni o‘z maydonida mag‘lub etishning uddasidan chiqishgan edi. Toshkentdagi bahsdan so‘ng o‘tkazilgan javob o‘yinidan farqli ravishda Mirjalol Qosimov boshchiligidagi jamoa himoyaviy o‘yin evaziga g‘alaba qozonishgan. Xususan, 71-daqiqada Server Jeparov tomonidan amalga oshirilgan jarima zarbasidan so‘ng Ulug‘bek Baqoev raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi. O‘sha g‘alaba terma jamoamiz uchun forslar ustidan qozonilgan yagona muvaffaqiyat bo‘lib turibdi.
O‘sha o‘yindan keyin vakillarimiz hozirgacha hamyurtlarimiz biror o‘yinda g‘alaba qozonish tugul durang natijani ham qo‘lga kirita olishmagan. Shu o‘rinda qiziqarli statistika, umuman, O‘zbekiston va Eron terma jamoalari o‘zaro uchrashuvlar tarixida hali biror marotaba durangga imzo chekishmagan.
2015 yildan buyon futbolchilarimiz 2 marta Toshkentda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lishgan bo‘lsa, Eronda 2:0 va 1:0 hisoblarida imkoniyatni boy berib qo‘yishgan.
Demak, 11 sentyabr kuni “Milliy” stadionida o‘tadigan bahs ikki terma jamoa o‘rtasidagi umumiy 8 o‘yin bo‘ladi. Ushbu uchrashuvda vakillarimizning 4 ta o‘yinlik mag‘lubiyatli seriyasi yakun topadimi, degan savolga aniqlik kiritiladi.
Shu o‘rinda yana bir qiziq ma’lumot. 11 yil muqaddam terma jamoamizning Eronga qarshi o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvida maydonga tushgan va umuman uchrashuv qaydnomasiga kiritilgan futbolchilardan Vitaliy Denisov, Anzur Ismoilov, Marat Bikmaev, Ignatiy Nesterov kabilar bugun yana forslarga qarshi maydonga tushishi mumkin.



Fikrlar