
Luka Modrich: Rossiya haqli ravishda chorak finalgacha etib keldi
Xorvatiya terma jamoasi yarim himoyachisi Luka Modrich bugun JCh-2018ning chorak finalida Rossiyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan bahs oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Rossiya – mezbon terma jamoa va ular juda kuchli. Ular mehnatkash va kurashuvchan. Ular buni Ispaniyaga qarshi bahsda isbotlashdi.
Ular yakunda o‘z muxlislarining qo‘llab-quvvatlashlari evaziga penaltilar seriyasida g‘alaba qozonishdi. Rossiyalik futbolchilar ushbu bahsda juda ko‘p yugurishdi va kurashishdi. Yakunda esa buning uchun munosib taqdirlanishdi.
Ular hech kim kutmagan bir paytda chorak finalga qadar etib kelishdi. Agar bu borada mendan so‘rasangiz, ular bu bosqichga haqli ravishda etib kelishdi deb javob bergan bo‘lardim. Bizni oldinda Rossiyaga qarshi og‘ir uchrashuv kutib turibdi va biz bu safar Daniyaga nisbatan ko‘rsatgan o‘yinimizdan ko‘ra ancha kuchliroq o‘ynashimiz lozim.
Bu biz uchun so‘nggi uchrashuv emasligiga ishonaman. Jamoamiz bundanda ko‘prog‘iga qodir. Garchi qiyin bo‘lsada biz Rossiyaga qarshi eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatamiz”, - deydi Modrich.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya - Xorvatiya bahs bugun Toshkent vaqti bilan soat 23:00da boshlanadi.
Fikrlar