
“Metallurg” yosh "qaldirg‘och"larni dog‘da qoldirdi
Yangi mavsum tayyorgarligini poytaxtda davom ettirayotgan Bekobodning “Metallurg” jamoasi kecha navbatdagi hafta yig‘inini “Bunyodkor” jamoasi yoshlar tarkibiga qarshi nazorat uchrashuvi bilan yakunladi. Bu o‘yinda poytaxt viloyati vakillarining tajribasi sezilib turdi va ular 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda bekobodliklar yig‘inda qatnashayotgan barcha o‘yinchilarga maydonga chiqish imkoniyatini berishdi. Birinchi bo‘limda asosan tajribali o‘yinchilar maydonga tushirilgan bo‘lsa, ikkinchi taymda jamoa yig‘iniga jalb etilgan yangi nomlar ko‘rikdan o‘tkazildi.
O‘yinning ilk daqiqalaridanoq tashabbusni qo‘lga olgan “Metallurg” futbolchilari ikkinchi taymda ustunliklarini hisobda ham aks ettirishdi. 50-daqiqada “Bunyodkor” yoshlari o‘z jarima maydonlari yaqinida o‘yin qoidasini buzishdi. Jarima to‘pini Abror Xusinov ajoyib tarzda amalga oshirdi va to‘pni darvozaning yaqin yuqori burchagiga joylab qo‘ydi – 1:0.
72-daqiqada esa bekobodliklar penalti ishlashdi. Davlatjonov chap qanotda katta tezlik bilan ikki ta’qibchisini ortda qoldirdi va jarima maydoniga kirib bordi. Ammo uni qarshi olgan “Bunyodkor”ning markaziy himoyachisi Saidjamolni o‘yin qoidasini buzib to‘xtatishga majbur bo‘ldi. 11 metrlik nuqtadan Timur Tolipov unumli foydalandi – 2:0.
Xabarda aytilishicha, mazkur uchrashuvdan keyin “Metallurg” futbolchilariga bir kunlik dam olish berildi. Dushanba kunidan e’tiboran bekobodliklar yana poytaxtimizda to‘planishadi va yig‘inni davom ettirishadi.
Keyingi haftalarda ham bir qator nazorta uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, “Metallurg”ning keyingi raqiblari “Andijon”, “So‘g‘diyona” jamoalari bo‘lishi oydinlashdi.
Nazorat uchrashuvi
“Bunyodkor” (yoshlar) – “Metallurg” – 0:2 (0:0)
Hakam: Komiljon Rasulov
Nazoratchi: Baxtiyor Nomozov
Gollar: Abror Xusinov (50), Timur Tolipov (72-p)
“Metallurg”: Zafar Safaev, Sherzod Fayziev, Abror Xusinov, Jasur Hasanov, Dilyorbek Irmatov, Ixtiyor Toshpo‘latov, Nodir Mavlonov, Shahzod Shaymanov, Islom Isoqjonov, Alisher Ziyovuddinov, Zohid Abdullaev.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Nikita Ribkin, Abror Toshqo‘ziev, Muhammadjon Sultonov, Muhammadodil Qahramonov,Andrey Shipilov, Alisher Mirzaev, Xudoyshukur Sattorov, Doniyor Hoshimov, Timur Tolipov, Saidjamol Davlatjonov, Pavel Smolyachenko, Orifxo‘ja Abduxoliqov.
Fikrlar